Braziliyaning korrupsiyada ayblangan sobiq prezidenti yana prezident bo‘lish niyatida

Jahon 22:50 / 13.07.2017 3948

Braziliyaning sobiq prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning bayonot berishicha, u 2018 yilgi prezidentlik saylovida nomzodini ilgari surishni rejalashtirmoqda. Garchi u korrupsiya ishi bo‘yicha aybdor deb topilgan bo‘lsa-da, azmu-qaroridan qaytish niyatida emas. 

12 iyul kuni mamlakat sudyasi Serjiu Moro Lulu da Silvani 9,5 yillik qamoq jazosiga mahkum etdi. Umumiy hisobda, sobiq prezidentga nisbatan 5 ta korrupsiya ayblovi ilgari surilgandi. Xususan, 2003-2010 yillarda Braziliyani boshqargan sobiq prezident OAS qurilish kompaniyasidan 1,1 million dollar pora olganlikda  gumon qilingan. Bu mablag‘lar San-Paulu shtati Guaruja shahrida hashamatli uch qavatli xonadonni xarid qilishga sarflangan. 

"Agar kimdir, ushbu hukm bilan meni o‘yindan chiqardim, deb o‘ylasa, bilib qo‘ysinki, men kurashni davom ettiraman", — degan Lula da Silva jurnalistlarga. Uning chiqishini Telesur telekanali efirga uzatgan. U Mehnatkashlar partiyasiga murojaat qilib, o‘z nomzodini ilgari surishga ruxsat so‘rashini bildirgan. 

Bundan avvalroq, Braziliyaning yetakchi siyosiy kuchlaridan biri – Mehnatkashlar partiyasi rahbari Gleyzi Hoffmann 2018 yilgi prezidentlik saylovida Lula da Silva qatnashmasa, saylov natijalarini tan olmasligini aytgan edi. 

Sud qaroriga ko‘ra, Lula da Silva 19 yilga har qanday davlat lavozimini egallashi mumkin emas. Biroq, sud hukmi hozircha kuchga kirganicha yo‘q, chunki Lula da Silva apellyatsiya berish huquqiga ega. Apellyatsiya jarayoni davom etar ekan, Silva qamoqda o‘tirmaydi. 

Ko‘proq yangiliklar: