Arab mamlakatlari Qatarni 2013-2014 yillardagi kelishuvlarni bajarmaganlikda aybladi

Jahon 11:00 / 11.07.2017 5217

Qatar bilan diplomatik munosabatlarni uzgan arab mamlakatlari CNN telekompaniyasi tarqatgan hujjatlarni Amirlikning o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi isboti deb baholadi. Unga ko‘ra, Doha Fors ko‘rfazi arab davlatlari kengashi (Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Ummon, Saudiya Arabistoni) doirasidagi majburiyatlarini bajarmagan. Bu haqda Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misrning qo‘shma bayonotida so‘z yuritilgan. 

"E'lon qilingan hujjatlar, Qatarning o‘z majburiyatlaridan bosh tortganini tasdiqlaydi, - deya bayonotdan ko‘chirmalar keltiradi Al Arabiya telekanali. – 4 davlatning ta'kidlashicha, avvalroq ilgari surilgan 13ta talab asosida Ar Riyod kelishuvi, uni bajarish mexanizmlari va boshqa qo‘shimcha kelishuvlar yotar edi". 

Shunday qilib, "to‘rtlik" fikricha, Doha rad etgan talablar "avval erishilgan kelishuvlarga mos kelar edi".

Avvalroq, CNN telekompaniyasi Fors ko‘rfazi mamlakatlari yetakchilarining inqirozdan chiqish bo‘yicha 2013-2014 yillarda imzolagan maxfiy kelishuvlar nusxalarini e'lon qilgan edi. O‘shanda Saudiya Arabistoni, Bahrayn va BAA Dohadan elchilarini chaqirib olgan, Kuvayt vositachiligida bo‘lib o‘tgan 8 oylik muzokaralardan so‘ng, Ar Riyoddagi uchrashuvda kelishmovchilikka barham bera olgan edi. O‘sha vaqtda kelishuv imzolangani aytilgan bo‘lsa-da, uning mazmuni noma'lum edi. 

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, qo‘lda yozilgan kelishuvlardan biri Saudiya podshohi, Qatar va Kuvayt amirlari tomonidan imzolangan. 2014 yilga tegishli va "O‘ta maxfiy" deya qayd etilgan kelishuv Bahrayn amiri, Abu Dabi merosxo‘r shahzodasi va BAA bosh vaziri tomonidan imzolangan. 

Qatar hukumati, o‘z navbatida, amirlikka boykot e'lon qilgan mamlakatlarni FKADK nizomini buzishda ayblamoqda. Qatar hukumati huzuridagi OAV bilan ishlash departamenti rahbari Sayf ibn Ahmad Al Taniyning bayonotini Qatarning Al Arab gazetasi chop etdi.

"Qatar duch kelgan qamal Kengash nizomi va 2013-2014 yillardagi Ar Riyod kelishuvi talablari hamda uni ijro etish mexanizmlarining oshkora va qo‘pol ravishda buzilishidir, - degan u. – Ar Riyod deklaratsiyasining me'yorlari va bandlari FKADK mamlakatlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, Kengashga a'zo davlatlar suverenitetini va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyilini tasdiqlaydi".

Ko‘proq yangiliklar: