Hindiston, Xitoy va Kambojadagi yangi obektlar YuNeSKO butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi

Jahon 11:10 / 09.07.2017 6399

FOTO: Xitoyning Gulanyuy orolidagi obektlar

Polshaning Krakov shahrida 41-sessiyasini o‘tkazgan YuNeSKOning Butunjahon merosi qo‘mitasi Osiyo qit'asidagi uch obektni Butunjahon merosi ro‘yxatiga qo‘shgan. Bu haqda tashkilotning Twitter’dagi sahifasida ma'lum qilingan.

Endi bu ro‘yxatdan Hindiston g‘arbidagi Ahmadobod shahrining eski shahar qismi o‘rin oldi. U eski ichki ko‘chalar atrofidagi barpo etilgan va darvozalari qulflanuvchi mahallalar labirintlari bilan e'tibor qozongan. Har bir mahalla alohida qal'adan iborat. Hindistonda bunday obektlar soni endi 36 taga yetdi.

Xitoyda Butunjahon ro‘yxatiga mustamlakachilik madaniyati arxitektura yodgorliklaridan iborat Gulanyuy oroli ham kiritildi. Janubiy Xitoy dengizida joylashgan bu orolga XIX asrda yevropalik savdogarlar kelib joylasha boshlashadi va ular o‘zlariga xos uylar, qasrlar, cherkovlar, shifoxonalar va do‘konlar qura boshlashadi. Hozirda bu turistlar orasida juda mashhur dargoh bo‘lib, u yerda hatto avtomobillar qatnovi taqiqlangan. Obekt Xitoydagi 51-chisi bo‘ldi.

YuNeSKO qo‘mitasining yana bir qarori Kambojadagi Sambor Prey Kuk ibodatxonasining kiritilishi bilan yakun topdi. Bu majmuada VI asrdan beri mavjud bir necha o‘nlab ibodatxonalar o‘rin olgan. 1970-yillar boshida itbodatxonalarning aksariyati bomba yog‘dirilishi tufayli shakastlangan, ayrim hududlar hanuzgacha vayronaligicha qolmoqda.

Krakovdagi YuNeSKO Butunjahon merosi qo‘mitasi sessiyasida Butunjahon merosi ro‘yxatiga qo‘shilish uchun 30 dan ortiq yangi tavsiyanomalar muhokama etilmoqda. Yangi nomzodlarni ko‘rib chiqish bugun ham davom ettiriladi. Sessiya o‘z ishini 12 iyul kuni yakunlaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 6 ta obekt YuNeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatidan o‘rin olgan. Ular: Xivadagi Ichan qal'a, Buxoro shahrining tarixiy markazi, Shahrisabz shahrining tarixiy markazi, Samarqand — madaniyatlar chorrahasi, Chotqol qo‘riqxonasidir. Ulardan tashqari yana 30 ta obekt dastlabki ro‘yxatga nomzod sifatida kiritilgan.

Ko‘proq yangiliklar: