O‘zbekistonlik va turkiyalik shifokorlar hamkorlikda murakkab operatsiyalarni o‘tkazishdi

Jamiyat 23:59 / 08.07.2017 13764

Turkiya Jumhuriyati va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Turkiya Jumhuriyati Bosh vazir devoni huzuridagi Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi - TIKA hamkorligida “O‘zbekiston-Turkiya Salomatlik haftaligi” shu yilning 2-7 iyul kunlari 7 yo‘nalishda (anesteziologiya va reanimatologiya, bolalar kardiovaskulyar jarrohligi, urologiya, ginekologiya, ortopediya, umumiy jarrohlik va bolalar jarrohligi) Turkiyadan kelgan jami 19 shifokor ishtirokida amalga oshirildi. 

TIKA tashkiloti va Turkiya Jumhuriyati Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan uzoq yillardan beri samarali hamkorlik qilib kelayotgan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy markazi, Chirchiq shahridagi Perinatal markaz, Yangiyo‘l va Olmaliq shaharlaridagi tug‘uruq majmualari hamda Urganch shahridagi Onkologiya dispanseri va Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazining Urganch bo‘limidagi shifoxonalarda o‘zbekistonlik shifokorlar bilan hamkorlikda bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatildi va 7,5 soat davom etgan og‘ir operatsiyalar ham amalga oshirildi. 

“Salomatlik haftaligi” davomida o‘zbekistonlik va turkiyalik shifokorlar o‘zaro tajriba almashishdi va og‘ir jarrohlik amaliyotlarida kamda kam ishlatiladigan uslub va texnikalarni qo‘llagan holda muvaffaqiyatli operatsiyalarni amalga oshirishdi. Laporoskopik uslubda amalga oshirilgan operatsiyalarni videokonferensiya vositasida bir necha o‘nlab o‘zbekistonlik shifokorlar ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Jumladan, yurak operatsiyasi, tsistektomiya, nefrektomiya va bolalarda laporoskopik usulda qilingan operatsiyalar kameralar vositasida namoyish etildi. 

O‘zbekistonlik va turkiyalik shifokorlar ishtirokida 5 kun davom etgan operatsiyalar natijasida, 180 bemorga maslahatlar berilib, ulardan 80 nafari bepul operatsiya qilindi. Bu operatsiyalarda 151 nafar o‘zbekistonlik shifokorning ishtirok etishi ta'minlanib, turkiyalik shifokorlarning amaliy va nazariy bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashish imkoni yaratildi. 

“Salomatlik haftaligi” doirasida shifokorlarga murojaat qilgan, lekin hozirda operatsiya qilish imkoniyati bo‘lmagan 6 nafar bemor bolaning Turkiyada operatsiya qilinishi va davolanishlari bo‘yicha kelishib olindi. Bu bolalarning Turkiyadagi operatsiyalar bilan bog‘liq barcha harajatlari Turkiya Jumhuriyati tomonidan qoplanadi. 

“Salomatlik haftaligi”ni muvaffaqiyatli amalga oshirishda Turkiya Jumhuriyatining O‘zbekistondagi elchixonasi, TIKAning Toshkentdagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari, O‘zbekistondagi klinikalar va TRTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Turkiyaning “Anado‘lu” agentligi vakillari hamkorlikda ish olib borishdi. 

Ko‘proq yangiliklar: