“O‘zbekiston pochtasi” mutaxassislari Koreyada AKT trening-kurslarida qatnashishdi

Jamiyat 18:18 / 06.07.2017 4117

Ikki tomonlama hamkorlik dasturiga binoan joriy yilning 18 iyundan 24 iyuniga qadar “O‘zbekiston pochtasi” AJ Bosh direktori boshchiligidagi delegatsiya Koreyada bo‘lib qaytdi. Bu haqida pochta saytida xabar berildi. 

Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad koreys hamkorlar bilan O‘zbekistonda pochta infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalari muhokamasi va tashkil etilgan AKTga oid trening-kurslarda qatnashishdan iborat edi.

Koreya pochtasi prezidenti janob Kim Kee Deok bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki davlat pochta ma'muriyati hamkorligi istiqbollari borasida fikr almashildi. Koreys tomoni o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashda, tajriba almashinuvi va “O‘zbekiston pochtasi” mutaxassislari malakasini oshirishga hozirligini izhor etdi. Ushbu masalalar safar davomida imzolangan Memorandumda o‘z aksini topdi.

Trening-kurslarda qatnashgan O‘zbekiston pochta sohasi mutaxassislari aholiga ko‘rsatilayotgan pochta xizmatlarining ilg‘or uslublari va ushbu jarayonda zamonaviy AKTdan foydalanish haqida batafsil ma'lumotga ega bo‘lishdi.

Seul shahrining Markaziy pochta bo‘limi, Deyjon pochta markazi va Incheon xalqaro logistika markaziga alohida safar tashkil etildi. Bu yerda delegatsiya a'zolari mazkur pochta obektlarining pochtani qabul qilish, uni saralash va ichki hamda chet ellardagi mijozlarga yetkazib berish jarayonlari bilan tanishishdi. Koreys mutaxassislarining fikricha, Koreya pochtasi faoliyatining deyarli barcha yo‘nalishlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar boisi AKTning pochta sohasiga o‘z vaqtida va keng joriy etilishidir.

Ko‘proq yangiliklar: