Samarqandda katta miqdordagi kontrafakt elektr hisoblagichlar ushlab qolindi

Jamiyat 23:05 / 06.07.2017 13903

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari xorijda ishlab chiqarilgan katta miqdordagi kontrafakt elektr iste'moli hisoblagichlarining O‘zbekistonga noqonuniy yo‘l bilan olib o‘tilishining oldini olishdi. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Viloyatda qo‘shma korxonalardan birining nomiga temir yo‘l orqali yuborilgan konteynerlardan biri o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unda yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilganidek “jinsi” matolari keltirilganligi aniqlandi.

Lekin ushbu matolar orasida esa yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan 2120 dona elektr hisoblagich yashirilganligi fosh bo‘ldi. Bu ham yetmaganidek, Xitoyda kontarafakt tarzda ishlab chiqarilgan ushbu qurilmalarning aksariyatiga xaridorlarni chalg‘itish maqsadida “Elektron hisoblagich MChJ shaklidagi o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi. O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan”, degan yozuvlar qayd qilingan. 

Bundan tashqari, har bir qadoqlangan qurilmalarga hisoblagich pasportlari va O‘zbekiston Milliy sertifikatsiya tizimi tomonidan tasdiqlangan muvofiqlik sertifikatlari ilova qilingan. 

Dastlabki surishtiruvlar davomida ma'lum bo‘lishicha, mazkur kurilmalarning taxminiy qiymati 300 mln. so‘mdan oshadi.

Olib borilgan tekshiruvlar va surishtiruv ishlari davomida, ushbu hisoblagichlar kontrafakt tovarlar ekanligi aniqlanib, qonuniy tarzda faoliyat yuritayotgan korxonalarga tegishli savdo belgilari ostida, ushbu ishlab chiqaruvchilarning huquq va manfaatlarini poymol qilgan holda ishlab chiqarilgan, barcha texnik pasportlar va muvofiqlik sertifikatlari qalbakilashtirilgan.

Ya'ni, bir muhim jihat shundaki, hisoblagichlar orasidagi DDS28u rusumlilarini ishlab chiqarish 2016 yildan boshlab to‘xtatilgan. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, mazkur kontrafakt tovarlar elektr energiyasidan foydalanish davomida ko‘rsatkichlarni yuqori ko‘rsatib, tez ishdan chiqadi va o‘rnatilgan texnik talablarga javob bermaydi.

O‘zbekiston Respublikasi xududiga noqonuniy olib kirilgan ushbu kontrafakt tovarlar holati yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirda tergov ishlari olib borilmoqda. 

Barcha kontrafakt tovarlar olib qo‘yilgan va bojxona omboriga joylashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: