Hindiston bosh vaziri tarixda ilk bor Isroilga tashrif buyuradi

Jahon 10:36 / 04.07.2017 6588

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Isroilning 70 yillik mavjudligi tarixida unga tashrif buyuradigan ilk amaldagi Hindiston bosh vaziri bo‘ladi. Modining safari ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi jadal o‘sayotgan, milliardlab dollarlik qurol-aslaha bitimlari tuzilayotgan va siyosiy yaqinlik yuz berayotgan vaqtda bo‘lib o‘tadi.

Isroilliklar 4 iyulda boshlanadigan safardan Osiyoning yirikligi bo‘yicha 3-raqamli iqtisodiyotiga kirish uchun yangi imkoniyatlar kutishmoqda.

"Bu Hindiston bosh vazirining Isroilga 70 yil ichidagi ilk tarixiy tashrifidir. Bu tashrif munosabatlarimiz oxirgi yillarda yaqinlashganini ko‘rsatadi. Tashrif xavfsizlik, qishloq xo‘jaligi, suvdan foydalanish, energetika sohalarida – deyarli Isroil mashg‘ul bo‘lgan har bir sohada hamkorlikni chuqurlashtirishga" imkon beradi", deb aytdi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil vazirlar mahkamasi yig‘ilishida. 

Dunyo muammolarini o‘rganish bo‘yicha Stokgolm xalqaro institutining ma'lumotlariga ko‘ra, Hindiston Isroildan qurol-aslaha sotib oluvchi eng yirik xaridor hisoblanadi.

3 oy oldin Israel Aerospace Industries kompaniyasi Hindiston harbiy-dengiz kuchlari va quruqlikdagi qo‘shinlariga "Barak 8" havo hujumi va raketalarga qarshi mudofaa tizimini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma olganini ma'lum qilgandi. 2 mlrd dollarlik ushbu bitim kompaniya tomondan Isroil harbiy-sanoat majmuasi tarixidagi eng yirik bitim deb atalgandi. 

Isroilning "Gaarets" nashrining yozishicha, Modi tashrifi vaqtida 8 mingta tanklarga qarshi Spike raketalarini sotish bo‘yicha yangi shartnomalar imzolanishi mumkin.

Taxmin qilinishicha, Modi ko‘plab xorijiy yetakchilardan farqli tarzda, Isroilga tashrifi vaqtida Falastinga tashrif buyurmaydi. 

Modining tashrifi 6 iyungacha davom etadi. U tashrif davomida Isroil prezidenti Reuven Rivlin va muxolifat yetakchisi Itsxak Gertsog bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bundan tashqari, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Modiga safarining katta qismida hamrohlik qiladi.

Modi safari davomida Xolokost qurbonlariga bag‘ishlangan "Yad va-Shem" yodgorlik majmuasiga tashrif buyuradi, Isroilda yashovchi hamyurtlari bilan uchrashadi. U, shuningdek, dengiz suvi yoki ifloslangan suvni iste'mol uchun yaroqli suvga aylantiruvchi mobil qurilmani ko‘zdan kechiradi. 

Hozirda Hindiston va Isroil o‘rtasidagi savdo aylanmasi 4,13 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Hindiston Isroilning savdo hamkorlari ro‘yxatida 9-o‘rinni egallaydi. 

Ko‘proq yangiliklar: