Doha: Qatarga "qonsiz urush" e'lon qilindi

Jahon 22:07 / 01.07.2017 24493

Qatar atrofidagi vaziyatni "qonsiz urush"ning e'lon qilinishi deb ta'riflash mumkin, deb aytdi Qatarning mudofaa masalalari bo‘yicha vaziri Holid bin Muhammad al-Atiyya Londonda chop etiluvchi "Al-Arabi al-Jadid" nashriga bergan intervyusida. 

"Fuqarolarga ziyon yetkazish va Fors ko‘rfazi davlatlaridagi vaziyatlarni izdan chiqarish maqsadida havo, quruqlikdagi va dengiz chegalarining yopilishini boshqacha yana qanday izohlash mumkin?", deb aytdi vazir.

Al-Atiyya, shuningdek, Qatar terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashi haqidagi tasdiqlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi. U Turkiyadagi joriy vaziyat masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, Turkiya va Qatar tarixiy rishtalar bilan bog‘langan.

Vazirning Turkiyaga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni mustahkamlash doirasida amalga oshirilgan. Al-Atiyyaning aytishicha, safarning kun tartibidagi asosiy masalasi Turkiyaning Qatardagi harbiy bazasi bo‘lgan.

Avvalroq Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzgan Saudiya Arabistoni, BAA, Misr va Bahrayn aloqalarni normallashtirish uchun Doha bajarishi shart bo‘lgan 13 ta talabni taqdim qilgan. Ular orasida Qatardagi Turkiya harbiy bazasining yopilishi talabi ham bor. Dohaga bu talablarni bajarish uchun 10 kunlik muhlat berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: