BMT: Eron yadroviy bitim shartlarini bajarmoqda

Jahon 08:02 / 30.06.2017 3079

Eron yadroviy dasturi bo‘yicha 6 ta davlat bilan 2015 yil iyulda tuzgan bitimi doirasida o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarmoqda. Bu haqda 29 iyunda BMT bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Jyeffri Feltman BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida aytdi.

Feltman Eron yadroviy dasturi bo‘yicha bitimni qo‘llab-quvvatlovchi 2231-sonli rezolyutsiya – Harakatlar qo‘shma rejasining bajarilishiga bag‘ishlangan hisobotni taqdim qildi.

Feltman Atom energiyasi xalqaro agentligi bitimning amalga oshirilishiga bag‘ishlangan 7 ta hisobotidan har birida Eron tomondan o‘z zimmasiga olingan majburiyatlarning bajaralishini qayd qilgan.

"Bosh kotib bitim bajarilmasligi bo‘yicha birorta xabar olmagan. Bundan tashqari, u Eronga rezolyutsiya buzilgan holda yadroviy material yetkazib berilgani yoki sotilgani bilan bog‘liq birorta ma'lumot olmagan", deb aytgan Feltman.

Feltman bitimning amalga oshirilishi Eron uchun xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga imkoniyat berishini hamda uning iqtisodiyotiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishini aytgan.

Biroq shu bilan birga Feltman o‘z hisobotida Tehronning oltita davlatda xavotir uyg‘otayotgan ba'zi qadamlarini sanab o‘tdi. Bu birinchi navbatda Eronning raketa uchirishlariga tegishli, AQSh va uning ittifoqdoshlari ularni bitim ruhiyatiga zid deb hisoblaydilar. Bundan tashqari, Feltman OAVning eronlik general Qosim Sulaymoniyning xorijga safar uyushtirayotgani haqidagi xabarlariga e'tibor qaratgan, chunki Sulaymoniy BMT Xavfsizlik kengashining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan va Eronni tark etish huquqiga ega emas.

Ko‘proq yangiliklar: