Majburiy ijro byurosi to‘lovlarni qaysi ma'lumotlarga asosan undiradi?

Jamiyat 01:22 / 29.06.2017 35265

Xalqaro Press-klubning navbatdagi yig‘ilishida iste'molchilar va to‘lov madaniyati, tejamkorlik mavzusiga murojaat qilindi. Unda soha mutaxassislari jurnalistlarni qiziqtirgan qator savollarga javob berishdi. Jumladan, Majburiy ijro byurosi (MIB) qaysi ma'lumotlarga asosan to‘lovni undirishiga qiziqish bildirildi. Zero, o‘sha ma'lumot olinadigan tashkilotlarning o‘zida chalkashliklar, noaniqliklar juda ko‘pligi ta'kidlandi. Anjumanda qatnashgan "Kun.uz" muxbiri shu haqida xabar berdi. 

Majburiy ijro byurosi direktori B.B. Qudratxo‘jayev bu savolga quyidagicha javob berdi: "Bugungi kunda majburiy ijro byurosi tomonidan xatlov o‘tkazilmoqda. Hisob-kitoblarga aniqlik kiritish maqsadida xatlov natijalari bo‘yicha bir to‘xtamga kelinadi. Shuningdek "O‘zbekenergo" va "O‘ztransgaz" tomonidan bizga qarzdorlik haqida ma'lumot taqdim etiladi. Biz shu ma'lumotlar asosida qarzlarni undirish choralarini ko‘ramiz". 

"Bundan keyin "O‘zbekenergo" va "O‘ztransgaz" xodimlari xonadonma-xonadon yurmaydi. Agar boradigan bo‘lsa, ularga pul to‘lash mumkin emas. Faqat byuro xodimlari boradi. Ularga maxsus kiyim berilgan, bu kiyim namunalari tasdiqlandi. Mana shu maxsus kiyim va xizmat guvohnomalarini ko‘rsatgandan keyingina ular orqali to‘lovni amalga oshirish kerak bo‘ladi. 

Byuro xodimlari joylardagi hisoblagichlar nazoratini ham amalga oshiradi. U yerdagi ko‘rsatkichlarni o‘zlari kiritib, kiritilgan ma'lumotlar hammasi elektron tartibda maxsus jihozlar vositasida billing tizimiga  ulanadi. Shuningdek to‘lov imkoniyatlari haqida ma'lumot beriladi yoki to‘lov joyida amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslarning gaz to‘lovlari o‘zaro dalolatnomalarga asosan amalga oshiriladi. Bu narsa yo‘l xaritasida ko‘zda tutilgan, ya'ni iste'molchi - yuridik shaxs o‘z qarzini tan olsa, "O‘ztransgaz" bilan solishtirma-dalolatnoma qiladi, bu bizga asos bo‘ladi. 

Foto: Xalqaro Press-klub

Jismoniy shaxsga keladigan bo‘lsak, hisoblagichlarga qarab solishtirma qilamiz. Shunga qarab qarzlarni undiramiz", - qo‘shimcha qildi Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Bekzod Mavlonov. 

Shuningdek Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak ham bu haqidagi ma'lumotlarga to‘ldirish kiritdi: "Inventarizatsiya davomida ma'lumotlarning buzib ko‘rsatilmasligi maqsadida qat'iy choralar ko‘rilmoqda.  15 kun ichida, ya'ni 1 iyundan keyin Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan aholi o‘rtasida 13 fakt bo‘yicha 50 milliard so‘mlik noreal summa aniqlangan. Bu 13 jinoiy ish degani". 

Ko‘proq yangiliklar: