Tramp Modi bilan uchrashdi: KXDRga qarshi sanksiyalar, harbiy texnika va Hindistonga taklif

Jahon 08:35 / 27.06.2017 11376

AQSh prezidenti Donald Tramp Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan qo‘shma matbuot anjumanida Hindistonga KXDRga qarshi sanksiyalar kiritilishi uchun minnatdorlik bildirdi.

«KXDR rejimi katta muammolar keltirib chiqarmoqda, buni hal qilish kerak, hamda, ehtimol, masala tez orada o‘z yechimini topadi», - deya ma'lum qildi Tramp

U Hindistonga «AQShni qo‘llab-quvvatlagani va Shimoliy Koreya rejimiga nisbatan sanksiyalar kiritilgani uchun» minnatdorlik bildirdi.

O‘z navbatida Modining ta'kidlashicha, Hindiston va AQSh Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha ham qalin hamkorlik qilmoqda.

«Afg‘onistondagi beqarorlikning o‘sishi bizning tashvishga sabab bo‘lmoqda. Hindiston va Amerika Afg‘onistonda tiklanish hamda xavfsizlikni ta'minlashda katta o‘rin tutadi», - deya ta'kidlab o‘tdi Hindiston bosh vaziri.

Bundan tashqari, Trampning xabar berishicha, ikki davlat harbiy-dengiz kuchlari Yaponiya bilan birgalikda kelasi oyda Hind okeanida yirik mashqlar o‘tkazadi.

«Bizning Qurolli kuchlar har kuni hamkorlikni mustahkamlash ustida ishlamoqda. Kelasi oyda ular Yaponiya bilan birgalikda Hind okeanida qachonlardir o‘tkazilgan eng yirik harbiy-dengiz mashqlarida qatnashadi», - deya ma'lum qildi Tramp.

Uning ta'kidlashicha, AQSh va Hindiston harbiy mahkamalari terrorizm bilan kurashda hamkorlikni mustahkamlash ustida ham ishlamoqda.

«Bizning har ikki millatimiz terrorizm hujumiga uchragan. Va biz terrorchilik tashkilotlari hamda radikal mafkurani yo‘qotishga bel bog‘laganmiz. Biz uni yo‘q qilamiz – radikal terrorizmni», - degan Tramp.

Shuningdek, davlatlar yetakchilari sheriklikni yanada mustahkamlashga kelishib olishgan.

«Yetakchilar davlatlar o‘rtasida strategik sheriklikni kengaytirish va mustahkamlashga qaror qilishdi. Bu o‘z ichiga terrorchilik tahdidi, Hind-Tinch okeani hududidagi barqarorlikni ta'minlash, erkin va adolatli savdoni ilgari surish hamda energetika sohasidagi aloqalarni kuchaytirishdir», - deya ta'kidlaydi Oq uy.

Hindiston bosh vaziri esa Trampni Hindistonga oilasi bilan tashrif buyurishga taklif qildi. 

«Men sizni va oilangizni Hindistonga taklif qilmoqchiman», - degan Modi Tramp bilan uchrashuv davomida.

Trampning iddao etishicha, qizi Ivanka Hindistonga kuzda tadbirkorlar sammitiga borishga rozi bo‘lgan.

Tramp Modi bilan uchrashuv davomida, Hindiston Qo‘shma Shtatlardan harbiy texnikani sotib olayotgani uchun ham minnatdorlik izhor etgan. 

Trampning so‘zlariga ko‘ra, boshqa davlatlar AQShdan harbiy texnikani sotib olsa, Amerika o‘zini «juda yaxshi his etar ekan».

«Hech kim harbiy texnikani bizlardek qilmaydi. Bunga yaqin ham kelishgani yo‘q», - degan Amerika prezidenti.

Shuningdek, Trampning ma'lum qilishicha, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan ikkisi «ijtimoiy tarmoqlardagi jahon yetakchilaridir».

«Biz bu imkoniyatlarga ishonamiz. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bizning mamlakatlar fuqarolariga o‘zlari saylagan kishi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lish, bizga esa – ularni eshitish imkonini beradi», - degan Tramp.

Ko‘proq yangiliklar: