Xotin-qizlar qo‘mitasi va Xalq ta'limi vazirligi eng faol jurnalistlarni taqdirladi

Jamiyat 20:09 / 27.06.2017 6058

Bugun, 27 iyun kuni Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan bir guruh jurnalistlar Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan taqdirlanishdi. Tadbir davomida Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva OAV xodimlari bilan yuzma-yuz muloqot olib borib, ularni kasb bayrami bilan samimiy qutladi. 

“Hozirgi kunda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari jamiyatimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan chuqur ijtimoiy-siyosiy islohotlar, inson  manfaatlari yo‘lidagi yangilanishlar ko‘zgusiga, keng xalq ommasini yangicha fikrlashga, ma'naviy uyg‘oqlikka, shu yurt taqdiri, uning porloq kelajagi uchun daxldorlikka, ongu tafakkurimizni o‘zgartirishga da'vat etadigan qudratli kuchga aylanib bormoqda. 

Jurnalistik mahorat bilan chuqur yoritish orqali xalqimizni safarbarlikka, kamarbastalikka chorlash, uning ruhini ko‘tarish, davlatga va uning rahbariga ishonchini mustahkamlash  yo‘lidagi  o‘ta mas'uliyatli, ammo sharafli ishlaringiz har qancha e'tirofga munosib. 

Sizga mamlakatimizda xotin-qizlar tomonidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni, ularning mehnatini, jamiyat hayotidagi munosib o‘rnini, oilalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashdagi fidoyiligini yoritishdagi xizmatlaringiz uchun alohida tashakkur izhor etaman. 

Shuni alohida ta'kidlashni istardimki, siz - jurnalistlarning qalamingiz o‘tkir, har bir jarayonni kuchli tafakkur prizmasidan o‘tkazib, obektiv tahliliy xulosalar berishga qodir bo‘lishi, eng muhimi, odil va xolis yondashuv hayotiy mezoningizga aylangan bo‘lishi kerak”, - deya ta'kidladi Bosh vazir o‘rinbosari. 

Tadbir davomida qo‘mita raisi Kun.uz tahririyati xodimlarini ham soha rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun tashakkurnoma bilan taqdirladi.   

Shuningdek, bugun O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligida ham OAV vakillarini taqdirlash uchun tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirda Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekistonda ta'lim sohasini yoritishda tinimsiz mehnat qilayotgan jurnalistlarga o‘z minnatdorchiligini bildirib, ularni kasb bayramlari bilan samimiy qutladi. 

Eng faol OAV orasida Kun.uz jamoasi ham tezkor va qiziqarli yangiliklarni keng ommaga yetkazib berayotgani uchun Xalq ta'limi vazirligining esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.

Ko‘proq yangiliklar: