O‘zbek grossmeysteri Markaziy Osiyo davlatlari chempionatida g‘olib bo‘ldi

Sport 18:36 / 26.06.2017 9745

Toshkentda shaxmat bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari Hududiy chempionatining so‘nggi, to‘qqizinchi turi bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra, musobaqa g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.

O‘zbekistonlik 22 yoshli xalqaro grossmeyster Jahongir Vohidov 9 imkoniyatdan 7 ochko jamg‘argan holda oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Kumush medal tojikistonlik Muhammad Husanxo‘jayevga nasib etdi (6,5 ochko).

Birinchi va ikkinchi o‘rin sohiblari 2017 yilning 2-28 sentabr kunlari Tbilisi shahrida bo‘lib o‘tadigan shaxmat bo‘yicha jahon kubogida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Bronza medal esa qozog‘istonlik Pyotr Kostenko tomonidan qo‘lga kiritildi (6 ochko).

Ayollar o‘rtasida qozog‘istonlik Dinara Sadaukasova tay-breykda o‘zbekistonlik Gulruhbegim Tohirjonovani 2:0 hisobida mag‘lub etib, oltin medal va ayollar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Gulruhbegim Tohirjonova kumush medal bilan cheklandi. Bronza medalni esa o‘zbekistonlik yana bir shaxmatchi qiz Sevara Boymurodova qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, O‘zbekiston vakilalaridan Sarvinoz Qurbonboyeva, Nodira Nodirjonova va Bahora Abdusattorova ham sovrinli o‘rinlarni egallashdi.

Ko‘proq yangiliklar: