Asakada eksport salohiyatiga ega meva-sabzavotni qayta ishlash korxonasi ish boshladi

Jamiyat 15:46 / 25.06.2017 11412

O‘zbekiston zaminida pishib yetiladigan sarxil meva-cheva va sabzavotlarga chet ellarda talab juda katta. 

Asaka tumani “Obod turmush orzusi” fermer xo‘jaligida yiliga 1 million dollarlik mahsulot eksport qilish salohiyatiga ega meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xo‘jalikka 850 ming AQSh dollari qiymatidagi loyiha asosida zamonaviy uskunalar chet eldan olib kelib o‘rnatildi.

Shu yilning mart oyida Andijon viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Rossiya davlatining Novosibirsk va Krasnoyarsk o‘lkalarida bo‘lgan chog‘ida tadbirkorlarimiz mahalliy ishbilarmonlar bilan meva-savbzavot yetkazib berish bo‘yicha ko‘plab shartnomalar imzolagan edilar. 

Korxonada fermer xo‘jaligining mavjud 200 gektar yer maydonida yetishtirilgan mahsulotlaridan tashqari, viloyatning Baliqchi, Shahrixon va Andijon tumani dehqon va bog‘bonlari tomonidan yetishtirilgan hosil qayta ishlanadi.

Ishlab chiqarish obektining ishga tushirish marosimida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

- Korxonamiz yiliga 150 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Belgiya kabi davlatlari bilan eksport bo‘yicha shartnomalar imzolangan, - deydi zavod ish yurituvchisi Muhiddin G‘afurov. –Maskanimizda 150 nafar ish o‘rni yaratilgan va kelajakda bu raqamlar soni ortib boradi.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Ko‘proq yangiliklar: