Qatar arab davlatlarining talablarini noreal deb atadi

Jahon 09:07 / 24.06.2017 8649

Qatar o‘z atrofida yuzaga kelgan inqirozni hal qilish bo‘yicha unga arab davlatlari qo‘yayotgan talablarni noreal deb atadi va ularni qayta qo‘rib chiqishga chaqirdi. Bu haqda Qatar tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniyning bayonotiga iqtibos keltirgan holda "Al-Arabiya" telekanali xabar bermoqda.  

Vazir, shuningdek, Qatarga qarshi kiritilgan sanksiyalarni "noqonuniy" va davlat suverenitetiga putur yetkazuvchi deb atagan.

Qatar tashqi ishlar vazirligi talablar ro‘yxatini o‘rganib chiqib, inqirozni hal qilishda vositachilik qilayotgan Kuvayt orqali tegishli javob berishini ma'lum qilgan.  

Avvalroq Misr, BAA, Saudiya Arabistoni va Bahrayn Kuvayt orqali Qatar hukumatiga Dohaning diplomatik yakkalatilishini to‘xtatish uchun zarur bo‘lgan talablarni topshirishgan.  

To‘rt arab davlati Qatardan Eron bilan diplomatik aloqalarni uzishni, o‘z hududidagi Turkiya harbiy bazasi va "Al-Jazira" telekanalini yopishni talab qilmoqda. Ushbu talablarning bajarilishi uchun Dohaga 10 kunlik muhlat berilgan.

Fors ko‘rfazi davlatlaridan Kuvayt va Ummon Qatarning diplomatik yakkalatilishiga qo‘shilmagan. Rasmiy Doha unga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni inkor etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: