Prezident tashrifidan so‘ng Uchtepadagi 78-umumta'lim maktabini ta'mirlash boshlandi

Jamiyat 17:34 / 23.06.2017 8783

Prezident Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida shu yilning 16 iyun kuni poytaxtning Uchtepa tumaniga tashrif buyurdi. Uchtepa tumani hokimligida mazkur tashrif davomida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash va istiqboldagi ishlarga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi o‘tkazgan tadbirda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zolari, deputatlar, tuman hokimligi mutasaddilari, tadbirkorlar va mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari ishtirok etdi.

Hozirgi kunda Uchtepa tumani ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmokda. Xususan, tibbiy xizmat ko‘rsatish, kurilish materiallari, kimyo sanoati, mebel, farmatsevtika, charm-poyabzal kabi yo‘nalishlardagi 70 ga yaqin loyihaning bajarilishi natijasida mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mahallamizga kelib, aholining yashash sharoiti bilan tanishganidan mahalladoshlarimizning boshi ko‘kka yetdi, – deydi “Vatan” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Guljamol Shariyeva. – Uchrashuvda davlatimiz rahbari mahallamizda olib borilayotgan ishlar, yutuq va kamchiliklar bilan tanishib, zarur ko‘rsatmalar berdi. Xususan, hududimizda joylashgan 78-umumiy o‘rta ta'lim maktabida bo‘lib, maktabni kapital ta'mirlash lozimligini aytdi. Hozirgi kunda maktabni ta'mirlash ishlari boshlandi. Ayniqsa, Prezidentimizning ushbu maktabda tajriba sifatida 11 yillik ta'limni qayta tiklash, uning qoshida o‘quv-kasb kursi tashkil etish borasidagi ko‘rsatmasini katta ishonch sifatida qabul qildik. Hududimizdagi ko‘p qavatli uylarning atrofi tozalanib, manzarali gullar ekilmoqda, mahallamiz yanada obod bo‘lmoqda. 

Muloqotda Prezidentning mazkur loyihalarni yanada takomillashtirish, tumanda tadbirkorlik, ishlab chiqarish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha bergan topshiriqlaridan kelib chiqib, bu borada partiya olib boradigan ishlar xususida fikr yuritildi. 

Ko‘proq yangiliklar: