Kollej bitiruvchisi ish izlovchi emas, ish beruvchi bo‘ladi

Jamiyat 23:33 / 23.06.2017 19324

Andijon viloyati, Bo‘z tumanida faoliyat yuritayotgan mini-zavod hamda dastgohlar ishlab chiqaruvchi UZMOLREKI - BO’ZFARM korxonasida viloyat kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun tadbirkorlik saboqlarini o‘zlashtirish mahorat darsi tashkil qilindi. 

Ma'lumki, Ibrohimjon Saidoxunov boshchiligidagi maskanda ishlab chiqarilgan 240 ziyod mini-zavod va dastgohlar O‘zbekistonning turli go‘shalarida faoliyat olib bormoqda. Ularda qariyib 2 milliondan ortiq kishi ish bilan ta'minlangan.    

Mamlakatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanayotgani kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Korxonada tayyorlanayotgan kimyo, oziq-ovqat, meva-sabzavot, farmatsevtik, kosmetik ashyolar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mini-zavod va dastgohlar bitiruvchi talabalar hamda ularning ustozlarida katta taassurot qoldirdi.

- Tadbirkorlikka qiziqqan kollej bitiruvchisi tozalash vositalari, popkorn, maktab o‘quv qurollari ishlab chiqaruvchi mini-dastgohlarda ishni boshlasa, nafaqat o‘zi, balki tengqurlarini ham ish bilan ta'minlaydi, - deydi Bo‘z xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi Bekzod Nazirov. – Bu yil kollejimizda: “Sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash texnologi” mutaxassisligi bo‘yicha yangi yo‘nalish ochildi. Korxona bilan o‘quvchilarni amaliyotini shu maskanda o‘tash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yadigan bo‘ldik.

Bitiruvchilar korxona rahbarlaridan Izzatillo Muhammadazizov tomonidan o‘tilgan ko‘rgazmali mahorat darslari davomida - ilk biznesni yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashda qaysi jihatlarga e'tibor berish kerakligi bo‘yicha nazariy va amaliy saboq oldilar.

Buxoroning Olot tumani “Davr” jamiyati boshlig‘i, tadbirkor - Abdulhay Tolibjonov korxonaga “Universal” mini-zavodi uchun buyurtma bergan ekan. Shu kuni tayyor bo‘lgan uskunalarni olib ketish uchun kelgan Abdulhay aka bitiruvchilar bilan o‘z ish tajribasidan o‘rtoqlashdi.

- Bugungi tadbir davomida men o‘z g‘oyalarimni amalga oshirish imkoniyatlari juda katta ekanligini bildim, - deydi Oltinko‘l iqtisodiyot kolleji bitiruvchisi Abbos Ergashev. -Korxonadagi qadoqlash uskunasi menga juda yoqdi. Men imtiyozli kredit asosida echkichilikni rivojlantirib, dorivor va xaridorgir echki sutini qadoqlashni yo‘lga qo‘ymoqchiman. 

Kollej bitiruvchilari “Universal” uskunasini ishlash jarayonini ham guvohi bo‘ldilar.  

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Ko‘proq yangiliklar: