Xorazmda huquqiy madaniyatni oshirish mavzusida anjuman o‘tkazildi

Jamiyat 09:13 / 23.06.2017 5943

Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar zamiriga – erkin va farovon, qonun ustuvorligi va inson manfaatlari ta'minlanadigan demokratik fuqarolik jamiyatini barpo etish, xalqimizni rozi qilish maqsadi qo‘yilgan.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ham o‘zining chiqishi davomida doimo aholi orasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish dolzarb masala ekanligini ko‘p bora ta'kidlamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi doirasida hamda Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazining 2017 yilga mo‘ljallangan yillik ish rejasining 2.21-bandi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Adliya, Oliy va o‘rta maxsus ta'limi, Xalq ta'limi vazirliklari, Bosh prokuratura hamda Xorazm viloyat hokimligi hamkorligida joriy yilning 20 iyun kuni Urganch davlat universitetida “Mamlakatdagi demokratlashtirish jarayonlari samaradorligi va sifatini yaxshilashda huquqiy madaniyatning o‘rni” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferentsiyada Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Hamza Ataxanov, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi bo‘lim mudiri, yu.f.d., professor Gulchehra Matkarimova, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, t.f.d. Dilorom Bobojonova, Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yu.f.d. Gulchehra To‘laganova, Toshkent islom universiteti dotsenti, t.f.n. Haydarxon Yo‘ldoshxo‘jayev, Yozuvchi Isfandiyor Matkarimov, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi mutaxassisi Akmalbek Alimov, Xorazm viloyati Ma'naviyat targ‘ibot bo‘limi rahbari Q.Sharipov va  boshqa huquqshunos mutaxassislar o‘zlarining ma'ruzalari bilan, shuningdek, oliy ta'lim muassasalari talabalari ishtirok etdi.

Konferentsiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan ezgulik va taraqqiyot, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi g‘oyalarining O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy islohotlarni amalga oshirishda prinsipial katta ahamiyatga ega ekanligi, ayniqsa, qonunchilik va sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar mamlakat nufuzini yanada oshirishda asosiy omil bo‘lishi to‘g‘risida tushunchalar berishdan iborat.

Konferentsiya ishtirokchilari Xiva tumanidagi Pahlavon Mahmud majmuasini ziyorat qilishdi. Shuningdek, Xiva tumanida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishdi. Tadbirlar so‘ngida konferensiyada faol ishtirok etgan targ‘ibotchilar viloyat Ma'naviyat targ‘ibot bo‘limi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Ko‘proq yangiliklar: