Yosh advokat sohilni 5 ming tonna chiqindidan xalos qildi (fotojamlanma)

Jamiyat 20:42 / 23.06.2017 16113

Mumbaylik yosh advokat Afro‘z Shox uzoq yillar davomida Versova sohiliga tashlangan chiqindilarga qarshi "jang"ga kirishdi va ...g‘olib bo‘ldi. Afro‘z 86 hafta ichida ko‘ngillilar bilan birgalikda sohildagi 5,4 million kilogramm chiqindini tozalashga muvaffaq bo‘ldi. Bigpicture shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

2015 yilning oktabrida Afro‘z va uning 84 yoshli qo‘shnisi Xarbansh Matur shahardagi Versova sohilini ko‘rib kayfiyatlari buzildi - u chiqindilarga to‘lib yotardi.

Ikki erkak sohil hududini tozalashga qaror qilishdi. 

O‘shandan buyon ular har haftaning dam olish kunlari sohilni tozalashar edi. Keyinroq ularga ko‘ngillilar guruhi kelib qo‘shildi. Ularning soni borgan sari ortib borib, ming kishiga yetdi. 

Ko‘ngillilar 86 hafta mobaynida sohilda tozalash ishlarini olib borishdi. Ular 2,5 kilometrli sohildan 5 million kilogrammdan ziyod chiqindini yo‘qotishning uddasidan chiqishdi. 

"Kinosanoat vakillari, politsiya, advokatlar, baliqchilar va shunchaki oddiy yo‘lovchilar ushbu xayrli ish ostida birlashganini ko‘rish zavq bag‘ishladi. Amaldorlar bizni qo‘llab-quvvatlashdi va barcha zarur jihozlar - ekskavator va yuk mashinalari bilan ta'minlashdi", - dedi Shox.

Sohilni tozalash ishlari 2017 yilning may oyida nihoyasiga yetdi.

"Nihoyat, sohil toza bo‘ldi. Bizning urinishlarimiz o‘z samarasini berdi. Endi qirg‘oqqa faqat dengizdangina chiqindi chiqmoqda. Biz hukumat vakillaridan sohilning tozaligini saqlashda yordam berishni so‘radik", - dedi Afro‘z Shox.

Afro‘z o‘z mehnatlari evaziga BMTning "Yer chempioni" unvonini qo‘lga kiritdi. Uning bu ishi dunyodagi eng katta ko‘lamli sohilni tozalash ishi sifatida e'tirof etildi. 

Shunday bo‘lsa-da, Afro‘zning tashabbusi shu bilan cheklanib qolmadi. Endi u ko‘ngillilar bilan birga chiqindilarning  mahalliy irmoqlar orqali sohilga tushishiga to‘sqinlik qilishni rejalashtirgan. 

Bundan tashqari, u sohil yaqinidagi o‘rmonlarni ham chiqindilardan tozalashni reja qilgan. Afro‘z Shox o‘zi misolida butun dunyo ahlini shunday xayrli amallarga ilhomlantirishni istaydi. 

Ko‘proq yangiliklar: