Aston Martin giperkarida ot kuchlari soni kilogramm ko‘rsatkichlaridan ham ko‘proq bo‘ladi

Fan-texnika 23:04 / 23.06.2017 7820

Road & Track nashri ixtiyoriga Aston Martin va Red Bull’ning birgalikda yaratgan giperkari — Valkyrie’ga oid texnik xarakteristikalar kelib tushdi. Xususan, «Valkiriya» motorining quvvati ko‘rsatkichi — ot kuchlari soni uning massasini bildiruvchi kilogrammlar sonidan ortiqroq bo‘lishi ma'lum bo‘ldi.

Model gibrid qurilmaga ega bo‘ladi. Uning tarkibiga ming ot kuchiga ega, Cosworth tomonidan ishlab chiqilgan 6,5 litr hajmdagi V12 motori, Formula-1 avtomobillardagi singari energiyani qayta kuperatsiya qilish tizimi kiradi. Ular jami quvvatni yana 130 ot kuchiga oshiradi.

Biroq karbon monokokli, ko‘mirplastikli shassi bazasida qurilgan avtomobilning massasi 1030 kilogramm bo‘ladi, xolos. Shunday qilib, avtomobilning har kilogrammiga bir ot kuchidan ham ziyodroq quvvat to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun: 1500 ot kuchi quvvatiga ega dvigatel bilan jihozlangan Bugatti Chiron giperkari 1995 kg massaga ega.

Aston Martin Valkyrie noldan 320 km/soat tezlikka 10 soniya ichida erisha oladi. Bu tezlikdan yana butunlay to‘xtash uchun 5 soniya kifoya qiladi.

Umumiy foydalanish yo‘llari uchun mo‘ljallangan namunadan tashqari «Valkiriya»ning yaxshilangan aerodinamikaga ega trek varianti ham ishlab chiqiladi. Aston Martin’dagilarning fikricha, bunday modifikatsiya Silverstounda LMP1 toifasidagi poyga mashinalari bilan bahslashadi (WEC chempionatidagi oliy toifa)

Jami bo‘lib mashinaning 150 dona oddiy yo‘lga mo‘ljallangan va 25 dona trek varianti ishlab chiqariladi. Fuqarolar uchun mo‘ljallangan barcha mashinalar 2016 yildayoq har biri 3 million dollardan kam bo‘lmagan summaga sotib bo‘lingan.

Xaridorlar ilk giperkarlarni 2019 yilda qo‘lga kiritishadi. (3 million dollarni oldindan to‘lab qo‘yib, 3 yil kutish — avtosalonlarimiz buni o‘qib qolishmasin tag‘in :-)

Ko‘proq yangiliklar: