O‘zbekistonda Konstitutsiya kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish boshlandi

O‘zbekiston 15:02 / 22.06.2017 15624

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishni imzoladi. Hujjat matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi.

“Xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti, fuqarolarimizning hukuq va erkinliklari hamda manfaatlarining mustahkam kafolati sifatida yurtimizda bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan xukuqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi borasida asosiy poydevor bo‘lib kelmokda”, - deyiladi farmoyishda.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi va respublika tashkiliy qo‘mitasi tasdiqlandi. 

Tashkiliy qo‘mita dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarning O‘zbekistondagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlarini, keng jamoatchilikni faol jalb etgan holda, yukori saviyada o‘tkazilishini ta'minlaydi;

davlat idoralari va muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga doir faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining norma va tamoyillari hayotga tatbiq etilishini, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik, sotsial-iktisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarga huquqiy zamin bo‘lib xizmat kilayotgan asosiy qonunning ahamiyatini hayotiy misollar bilan ochib berishga bag‘ishlangan turkum tadbirlarni tashkil etadi va bu borada amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta'minlaydi.

Bundan tashqari, tashkiliy qo‘mita Moliya vazirligi bilan birgalikda Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari va hajmini belgilaydi;

o‘n kun muddatda Dasturda belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va yuqori saviyada amalga oshirish uchun tegishli ishchi guruhlar tarkibi, kompleks chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi va amalga oshirishga kirishadi.

Ushbu farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.Murodov zimmasiga yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: