Transafg‘on koridori O‘zbekiston oldida qanday imkoniyatlarni ochadi?

O‘zbekiston 00:33 / 22.06.2017 13024

Muqobil transport koridorlarining ochilishi, xususan janubiy yo‘nalishda Transafg‘on transport koridorining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonga katta iqtisodiy imkoniyatlar ochib berishi mumkin. Xalqaro Press-klubning navbatdagi yig‘ilishida Oliy Majlis Senat raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev shu mavzuga alohida to‘xtaldi. "Kun.uz" muxbiri shu haqida xabar berdi. 

"Afg‘onistondagi tinchlik birinchi navbatda u yerda olib borilayotgan bunyodkorona ishlar bilan bog‘liq. Xitoylik hamkorlar bilan ham gaplashganda, ular ham qayerda yirik loyihalar amalga oshirilayotgan bo‘lsa, o‘sha yer tinch bo‘ladi deb aytishmoqda. 

Afg‘onistondagi tinchlik O‘zbekistongga nima uchun kerak? Avvalo, bu portlarga chiqish uchun katta imkoniyat. Bugungi kunda temir yo‘llar tizimi shunday joylashganki, O‘zbekistondan birinchi portlarga borish uchun 20-22 kun kerak bo‘ladi. Basharti, Transafg‘on yo‘laklari ochilib, Ummon, Fors ko‘rfazi, Pokistondagi portlarga temir yo‘l o‘tadigan bo‘lsa, bunga atigi 1-2 kun ketadi. 20 kun qayerda-yu, 2 kun qayerda?! Bu biz uchun juda katta imkoniyat, albatta, deya ta'kidladi Safoyev. 

"Bundan tashqari, Afg‘oniston - juda katta bozor. Bejizga O‘zbekiston Afg‘oniston bo‘yicha shaxsiy vakilini ta'sis etmadi. Uning asosiy vazifasi - O‘zbekistonning tegishli idora va tashkilotlari e'tiborini Afg‘onistondagi loyihalarni amalga oshirishga qaratish va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdoni sifat va miqdor jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarish. 

10-12 yil oldin O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan savdo almashinuvi nolga teng edi. Bugun u yarim milliarddan oshib bormoqda, hozir bu ko‘rsatkichni 1,5 milliardga ko‘tarish rejalashtirilgan. Demak, Afg‘oniston O‘zbekiston uchun katta imkoniyatlar manbai hisoblanadi", - qo‘shimcha qildi spiker.

Ko‘proq yangiliklar: