Tojikiston Rog‘un GESini bitkazish uchun qimmatbaho qog‘ozlarni xalqaro bozorga chiqaradi

Jahon 00:42 / 22.06.2017 23198
Rog‘un GESi to‘g‘oni qurilishini boshlash uchun Vaxsh daryosining to‘silishi.
Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Tojikiston 1 milliard AQSh dollari miqdorida davlat qimmatbaho qog‘ozlarini muomalaga kiritmoqchi va uni xalqaro moliya bozorlarida o‘tkazmoqchi. Qog‘ozlarni muomalaga chiqarish bo‘yicha hukumat taklifini parlamentning quyi palatasi deputatlari ma'qullagan, deb yozadi Tojikistonning «Asia-plus» media guruhi.

Tojikiston Oliy Majlisi namoyandalar Majlisi deputatlari 21 iyun kuni «xalqaro moliyaviy bozorda muomalaga kiritish uchun davlat qimmatbaho qog‘ozlarini bosib chiqarish haqida»gi hukumat taklifini qo‘llab-quvvatlashgan.

«Gap strategik loyiha — Rog‘un GESining qurilishi uchun moliyaviy resurslarni jalb qilish haqida bormoqda. 2017 yil yanvarida maxsus ishchi guruhi tuzilib, u xalqaro moliyaviy institutlar, reyting kompaniyalari, qimmatbaho qog‘ozlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi agentliklar va yuridik xizmatlar taqdim etuvchi agentliklar bilan muzokaralar olib borgan», — dedi Tojikiston moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Nurmahmadiyon deputatlar oldida chiqish qila turib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qimmatbaho qog‘ozlar AQShdagi xalqaro moliyaviy bozorlarda Amerika qonunchiligiga muvofiq tarzda savdoga chiqariladi.

«Biz allaqachon Moody’s Investors Service reyting kompaniyasi bilan kelishib qo‘ydik. Biz moliyaviy holat, YaIM hajmi va boshqa mezonlar bo‘yicha kamida ikkita reyting kompaniyasining xulosasiga ega bo‘lishimiz kerak. Muzokaralar olib borilayotgan ikkinchi ana shunday kompaniya SNP reyting kompaniyasi bo‘lib turibdi», — degan vazir o‘rinbosari.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, qimmatbaho qog‘ozlarni joylashtirish va sotish buyicha kompaniyalardan biri bilan kelishuvga ham erishilgan. Davlat qimmatbaho qog‘ozlari savdosi 2018 yildan boshlanadi. «Ushbu qimmatbaho qog‘ozlarni xarid qilgan kompaniyalar va shaxslarning daromadlari 7,5–8 foiz atrofida bo‘ladi», — deya aniqlik kiritgan Nurmahmadiyon.

Davlat qimmatbaho qog‘ozlarining sotuvga chiqarish jarayonida paydo bo‘luvchi xatarlar haqida parlamentning moliya va byudjyet qo‘mitasi rahbari Sharif Rahimzoda chiqish qilib, «tashqi qarz miqdori o‘sishi mumkin — bu xatarlardan biri» ekanligini aytgan. Moliya vaziri o‘rinbosarining tushuntirishicha, Tojikistonda tashqi qarz YaIMning 40 foizidan oshib ketmasligini belgilab beruvchi chegara bor. Ayni paytda bu ko‘rsatkich 35 foizni tashkil etmoqda.

Ilgariroq Moody’s Investors Service reyting kompaniyasi vakillari Rog‘un GESida ishlarning borishi bilan yaqindan tanishishgan edi.

Dushanbega yetib kelgan Moody’s Investors Service mutaxassislari Tojikistonning 2016 yildagi moliyaviy barqarorligi reytingini aniqlashlari kerak.

Tojikistonning Moody’s Investors Service agentligi bilan hamkorligi 2013 yildan boshlab, kelgusidagi monitoringlar uchun mamlakatning suveren reytingini aniqlashtirib borish uchun yo‘lga qo‘yilgan.

Dushanbega qilgan tashrifi mobaynida Moody’s vakillari mamlakat vazirliklari va idoralari rahbarlari bilan, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Butunjahon bankining mamlakatdagi doimiy vakolatxonasi vakillari, AQSh hamda Rossiya Federatsiyasi elchixonalari rahbarlari bilan uchrashishni rejalashtirishgan.

Ko‘proq yangiliklar: