Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifini boshladi

O‘zbekiston 10:30 / 22.06.2017 60467

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 22 iyun kuni Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Joriy yilning birinchi choragida Farg‘ona viloyatida yalpi hududiy mahsulot 6,1 foiz o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qurilish, xizmatlar ko‘rsatish sohalarida barqaror o‘sish sur'atlari ta'minlandi. 

Sanoat mahsulotining 96 foizdan ortig‘i kimyo, neft-kimyo, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik va qurilish materiallari tayyorlash kabi zamonaviy tarmoqlarda ishlab chiqarilmoqda. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, “Farg‘ona azot”, “Avtooyna”, Qo‘qon mexanika zavodi, “DEU tekstil Farg‘ona”, “Qo‘qon Indorama tekstil” kabi yirik sanoat korxonalari nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz iqtisodiyotida alohida o‘rin egallaydi. 

Zamonaviy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, xalqaro bozorda raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan yangi korxonalar barpo etish va mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Eksport qiluvchi korxonalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari eksport faoliyatiga keng jalb etilayotgani samarasida viloyatning bu boradagi salohiyati muttasil oshib bormoqda. 

Davlat rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilayotgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi. 

Tadbirkorlik faoliyati bilan shuhrat qozongan Farg‘ona zaminida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi jadal rivojlanmoqda. Bu sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 62 foizga, eksportdagi ulushi 58 foizga yetgan. Mehnat bilan band aholining 81 foizi shu sohada ishlamoqda. 

Viloyatning omilkor dehqon va fermerlari qishloq xo‘jaligida ulkan natijalarga erishmoqda. Takroriy ekinlardan, tomorqadan unumli foydalanib, qo‘shimcha daromad topmoqda. Shu kunlarda g‘alla hosili yig‘ib olinmoqda. 

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida mamlakatimizning har bir hududi kabi Farg‘ona viloyatini ham har tomonlama rivojlantirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, aholi hayot darajasini yuksaltirish borasida aniq reja va maqsadlar bayon etilgan edi. 

Prezident Farg‘onaga tashrifi davomida mazkur rejalar ijrosi, istiqboldagi loyihalar bilan tanishadi, xalq bilan muloqot qilib, shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechiradi. 

Ko‘proq yangiliklar: