Saudiya taxti valiahdini Tramp o‘zgartirdimi?

Jahon 14:58 / 22.06.2017 26181

21 iyun kuni Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud valiahd shahzoda Muhammad ibn Noyifni o‘z vakolatidan ozod qildi.

Qirol taxt valiahdi sifatida 31 yoshli o‘g‘li Muhammad ibn Salmonni e'lon qildi. Bu voqea ko‘pchilikning diqqatini o‘ziga tortdi. Chunki monarxiyaga asoslangan mamlakatlarda valiahdlar (bo‘lajak taxt vorislari) har kuni ham o‘zgartirilavermaydi. AQShning dunyoga mashhur The New York Times gazetasi bu haqda o‘z mulohazalarini chop etgan.

Mark Landler va Mark Mazzetti hammuallifligidagi materialda aytilishicha, bu tayinlovda AQSh prezidenti Donald Trampning aloqasi yo‘q emas. Gazeta Trampning Saudiyada shahzoda o‘zgarganidan bir soat ham o‘tmay qirolni tabriklaganiga alohida urg‘u bergan. Tramp tabrikda yangi valiahdning bu darajani qo‘lga kiritganidan mamnun ekani, u bilan terrochilarga qarshi samarali kurashga umid qilishini ta'kidlagan.

Nashrning yozishicha, aynan Muhammad ibn Salmonning valiahd bo‘lishini Tramp xohlagan. Prezident yangi valiahd uning Fors ko‘rfazida arab-musulmon alyaansini yaratishga bo‘lgan urinishlarida yordam beradi, deb umid qilmoqda. Shuningdek, Tramp va 31 yoshli Muhammad ibn Salmonning Eron bo‘yicha qarashlari ham bir xil. Tramp Eronga bosim o‘tkazishda Saudiyaning o‘rni katta deb hisoblaydi.

Times nashri ibn Salmon Trampning kuyovi janob Kushner bilan ham inoq ekanini ta'kidlagan. Ma'lum bo‘lishicha, Ivanka Trampning turmush o‘rtog‘i bo‘lgan Kushner Tramp prezident etib saylanganidan keyinoq Muhammad ibn Salmon bilan qalin munosabatlar o‘rnatgan. Saudiya delegatsiyasi mart oyida AQShga kelganida Kushner bo‘lajak valiahdni o‘z uyiga tushlik uchun taklif qilgan. O‘z navbatida, Kushner ham ibn Salmonning Saudiyadagi uyida o‘tgan oydagi tashrifi davomida tushlikda bo‘lgan.

Gazetada yozilishicha, sobiq valiahd Obama ma'muriyati bilan yaxshi aloqada edi. Uning sobiq davlat kotibi Jon Kerri bilan ikki marta uchrashgani aytilgan. Ulardan biri shahzodaning rus milliarderidan sotib olgan yaxtasida o‘tgani e'tiborga molik. Barak Obama aynan sobiq valiahd orqali Eron bilan aloqalarni yaxshilashga uringan. Tramp esa aksincha, Eronni yanchib tashlashni xohlamoqda, shu sabab unga o‘zi kabi agressiv kayfiyatdagi sherik zarur bo‘lgani ehtimol.

Ko‘proq yangiliklar: