Oliy Liga uchrashuvlari internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilinadi

Sport 16:56 / 22.06.2017 8954

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Osiyo Futbol Konfederatsiyasi hamda Shveytsariyada joylashgan Empower Sports kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi loyihani amalga oshirish borasida shartnoma imzoladi. Bu haqda PFL rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Manbaga ko‘ra, ikkinchi davradan boshlab, O‘zPFL O‘zbekiston chempionati uchrashuvlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet orqali translyatsiya qilinadi.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Osiyo Futbol Konfederatsiyasining qit'ada Ligalarni rivojlantirish dasturini o‘rganib chiqib, ushbu loyihada ishtirok etish istagini bildirdi.

O‘zbekiston Chempionati uchrashuvlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyalari Empower Sports kompaniyasiga tegishli Mycujoo.tv saytida, Oliy Liga klublari rasmiy saytlari, ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida bir paytning o‘zida translyatsiya qilinadi.

Empower Sports kompaniyasi bugungi kunda Osiyo Futbol Konfederatsiyasidan tashqari UYeFA tasarrufiga kiruvchi mamlakat futbol federatsiyalari bilan hamkorlik qiladi.

Ma'lumot uchun, ayni damda O‘zPFL Oliy Liga klublaridagi vaziyatni o‘rganib chiqdi va hozirgi kunda chempionatda uy uchrashuvlarini 7ta klubning stadiondagi sharoiti uchrashuvlarni translyatsiya qilish uchun talabga javob berishi aniqlandi.

"Milliy chempionat uchrashuvlarini internet orqali translyatsiya qilish va shu orqali O‘zbekistondagi va chet eldagi muxlislarga ushbu o‘yinlarni ko‘rish imkoniyatini yaratish biz uchun eng ustun vazifalardan biridir. O‘z navbatida, Osiyo futbol Konfederatsiyasida ham futbol o‘yinlarni onlayn tarzda namoyish etishga kuchli e'tibor qaratilmoqda. Bu haqda xabar topgach, O‘FF va O‘zPFL rahbariyati darhol OFKga murojaat qildi va O‘zbekiston OFKning Ligalarni rivojlantirish dasturiga kiritildi” – deydi O‘zbekistondagi dasturning menejyeri Baxtiyor Mametov.

“Bugungi kunda barchamiz zamonaviy texnologiyalar davrida yashab kelyapmiz, desak adashmaymiz. OFKning hamkori bo‘lmish Empower Sport kompaniyasining Mycujoo loyihasi shu gaplarimni isbotidir. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi futbolning internetdagi auditoriyasini kengaytirishdir. Buning uchun esa, video kamera yoki yuqori sifatli kameraga ega bo‘lgan Iphone, yoki Android protsessorli telefon va asosiysi stadionda yuqori tezlikdagi internet bo‘lishi kerak. Hozirga qadar Oliy Liganing yetti klubi: “Lokomotiv”, “Paxatakor”, “Qo‘qon-1912”, “Olmaliq”, “Mash'al”, “Obod” va “So‘g‘diyona”  kabi klublar kerakli talablarni bajarishdi va endi ular dastur doirasida Yaponiya, Gollandiya kabi mamlakatlardan keltiriladigan kerakli jizohlarlar bilan taminlanadi. Barcha jihozlar mazkur oyning oxiragacha Toshkentga yetib keladi. Qolgan klublar ham tez orada talablarni bajarib, loyihaga qo‘shiladi degan umiddamiz”.

“Keling, tasavvur qilib ko‘raylik. Aytaylik siz, “So‘g‘diyona” jamoasiga muxlislik qilasiz, lekin ba'zi sabablarga ko‘ra, o‘yinni stadiondan turib yoki bo‘lmasa televizor orqali ko‘rish imkoniyatiga ega emassiz, lekin yoningizda internetga ulangan noutbuk, planshet yoki smartfon bor. Siz bemalol, xohlagan davlatda bo‘la turib, mycujoo.tv saytiga kirib, sevimli jamoangizni o‘yinini tamosha qilishingiz mumkin bo‘ladi. Bir paytning o‘zida translyatsiyani ko‘plab boshqa saytlarga va hattoki ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatsa bo‘ladi”.

“Biz bugunga kelib Oliy liga uchrashuvlarining ba'zilarini sinov tarzida translyatsiya qilib ko‘rdik va natijadan 70 foizga qoniqish hosil qildik. Iyul oida Oliy liga klublari xodimlariga OFK va Empower Sports kompaniyasi vakillari ishtirokida yakuniy seminar o‘tkaziladi. Mazkur seminar paytida mavjud kamchiliklar ham hal etilishi lozim. Ikkinchi davradan esa, futbol muhlislari sevimli jamoalari ishtirokida o‘yinlarni jonli tarzda ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishadi”.

Ko‘proq yangiliklar: