OAV: Gelmut Kolning o‘g‘liga marhum otasi uyiga tashrif buyurish taqiqlab qo‘yildi

Jahon 09:31 / 22.06.2017 8135

Germaniyaning sobiq kansleri Gelmut Kolning vafoti uning bevasi Mayke Kol-Rixter va birinchi turmushdan o‘g‘illari o‘rtasidagi ixtilofni avj oldirib yubordi: politsiya Kolning to‘ng‘ich o‘g‘li Valter Kolga otasining Lyudvigsxafendagi uyiga kirishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Spiegel nashri yozmoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Valter Kol otasi uyiga 21 iyunda kirmoqchi bo‘lgan, u yarim soat davomida eshik qo‘ng‘irog‘ini chalganiga qaramasdan, unga ichkaridan hech kim eshikni ochmagan. Uning yonida o‘g‘illari ham bo‘lgan. Voqea joyiga chaqirtirilgan politsiyachilar Kolga otasining uyiga kelish taqiqlanganini tushuntirishgan.

Kol bevasining advokati, Valter Kol uy oldida ataylab janjal chiqarganini aytgan. Uning Ma'lum qilishicha, u avvalroq Valter Kol bilan sobiq kanslerning o‘g‘illari va nabiralarining u bilan 1 iyulda vidolashish marosimida ishtirok etishlari bo‘yicha telefon muloqoti o‘tkazish haqida kelishib olgan. Biroq belgilangan vaqtda Valter Kol ko‘plab qo‘ng‘iroqlarga qaramay, telefonni ko‘tarmagan. Buning o‘rniga Valter ertasi kuni otasi uyiga ogohlantirishsiz kelib, uy ichiga kirmoqchi bo‘lgan.

Valter Kol advokat unga qo‘ng‘iroq qilmaganini aytmoqda. Uning ta'kidlashicha, u otasining bevasi tomonidan fitna qurboniga aylangan. Valterning aytishicha, u otasining o‘limi haqida radiodan xabar topgan.

Spiegel’ning ma'lumotlariga ko‘ra, sobiq kansler bilan Strasburgda vidolashish marosimida ishtirok etadigan mehmonlar ro‘yxatini tasdiqlash vaqtida ham mojaro chiqqan. Kolning bevasi Germaniya kansleri Angela Merkel yakuniy so‘z bilan chiqmasligini talab qilgan. Go‘yoki Mayke Kol-Rixter Merkelga yakuniy so‘zni xorijiy mehmonlar, jumladan, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban aytishi kerakligini aytgan.

Gelmut Kol 16 iyunda 87 yoshida vafot etdi. U 1982 yildan 1998 yilgacha Germaniya hukumatini boshqargan. 

Gelmut Kolning o‘g‘illari bilan munosabatlari u Mayke Rixterga uylangandan keyin yomonlashgan. Kolning o‘g‘illari otasining bu qarorini xushlashmagan.

Ko‘proq yangiliklar: