Marg‘ilonda Erkin Vohidov haykali o‘rnatiladi

O‘zbekiston 17:29 / 22.06.2017 10949

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 7 dekabrdagi «O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida o‘zbek adabiyotining yirik vakili ijodiy merosini keng o‘rganish, uning mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston bo‘ylab Erkin Vohidovning 80 yillik yubileyi keng nishonlandi. Marg‘ilon shahridagi madaniyat va istirohat bog‘iga Erkin Vohidov nomi berilib, qayta rekonstruksiya qilinmoqda. Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida ushbu bog‘ bilan tanishib, turli ko‘rsatmalar berdi, deb xabar berdi O‘zA.

Istirohat bog‘ining maydoni 9 gektardan 16 gektarga yetkazildi. Bog‘ning kirish qismida yozuvchi-ijodkorlar xiyoboni tashkil etish, unga Erkin Vohidovning haykalini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Turli tadbirlar o‘tkaziladigan amfiteatr, osh markazi va boshqa infratuzilma obektlari barpo etish belgilangan. Erkin Vohidov nomidagi yosh ijodkorlar maktabi ochiladi. Bundan tashqari, bog‘da turli attraksionlar o‘rnatilib, bir necha choyxona aholiga xizmat ko‘rsatadi. Istirohat bog‘iga turli mevali va manzarali daraxtlar, gullar ekiladi.

Shavkat Mirziyoyev qahramon shoir nomi bilan ataladigan ushbu bog‘ har tomonlama mukammal bo‘lishi, uni yoshlar ma'naviyatini yuksaltiradigan maskanga aylantirish, xiyobonga Erkin Vohidovning eng sara she'rlaridan namunalar yozilgan lavhalar o‘rnatish zarurligini ta'kidladi. Bu yerga keluvchilar Erkin Vohidov she'rlaridan bahramand bo‘lib, ma'naviy olamini yanada boyitib olsin, dedi davlat rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: