Le Burjye aviasalonida ishtirok etayotgan Rossiya delegatsiyasi rahbari talonchilar hujumiga uchradi

Jahon 08:23 / 22.06.2017 8444

Parijdagi Le Burjye aviasalonida ishtirok etayotgan "Rosoboroneksport" delegatsiyasi rahbari Sergey Kornev ayol haydovchi bilan mashinada ketayotganda Parij yaqinidagi Sen-Denida talonchilar hujumiga uchradi.

Le Figaro nashrining ma'lum qilishicha, rossiyalikka bir necha kishi hujum qilgan. O‘g‘rilar Kornevga musht tushirishgan, uning hamrohidan sumkasini tortib olishgan. Ayol o‘g‘rilarni quvlashga tushgan, biroq uni bir necha jinoyatchi o‘rab olib, do‘pposlab ketgan va hattoki nomusiga tegmoqchi bo‘lgan. Vaziyatga voqea joyiga yetib kelgan mahalliy politsiya aralashgan va 4 nafar bosqinchini qo‘lga olgan.

Bu axborot Rossiyaning harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha federal xizmatida tasdiqlandi.

"Sergey Kornev ko‘rgazma tugagandan keyin mashinada qaytayotganda tunneldan chiqishda o‘g‘rilar uning mashinasi oynasini sindirib va o‘ldirish bilan tahdid qilib, pul va qimmatbaho narsalarni talab qilishgan. Kornev abjirligi  va o‘zini yo‘qotib qo‘ymagani tufayli pasporti va hujjatlarni o‘zida saqlab qololgan", deb aytdi Rossiyaning harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha federal xizmati matbuot kotibi Mariya Vorobyova.

Vorobyovaning aytishicha, Kornev hujum vaqtida kichik jarohatlar olgan va uning sog‘lig‘iga hech narsa xavf solmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: