Fransiyada yangi hukumat shakllantirildi

Jahon 07:36 / 22.06.2017 3677

Fransiya hukumati 18 iyunda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalariga ko‘ra yangi tarkibda shakllantirildi. Vazirlar ro‘yxatini 21 iyunda Yelisey saroyi bosh kotibi  Aleksi Koler ma'lum qildi. 

Ikkita muhim vazirlikda o‘zgarishlar ro‘y berdi. Adliya vaziri Fransua Bayru o‘rniga Nikol Bellube keldi. Bundan tashqari, hukumatni Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning yaqin safdoshlaridan biri, hududiy rejalashtirish vaziri Rishar Ferran tark etdi. Uning o‘rnini bungacha qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lgan Jak Mzar egalladi. O‘z navbatida Mzar o‘rnini Stefan Traver egalladi.

Shuningdek, mudofaa vaziri ham o‘zgardi. Bu lavozimda bor-yo‘g‘i bir oygina ishlagan Silvi Gular o‘rniga Fransiyaning SNCF milliy temir yo‘l kompaniyasida yuqori lavozimni egallagan Florans Parli keldi.

Parliga mudofaa vazirligida Jyenevev Darryosek ko‘maklashadi. U mudofaa vazirligi huzuridagi davlat kotibi lavozimiga tayinlandi.  

Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian yangi hukumatda o‘z lavozimini egallab qoldi.

Fransiya bosh vaziri Eduar Filippning vazirlar mahkamasida 4 ta vazirlikdagi o‘zgarishlardan boshqa muhim o‘zgarishlar qilinmadi. Ichki ishlar vazirligi yana bir vazirning tayinlanishi bilan mustahkamlandi. Bu lavozim Jaklin Guloga ishonib topshirildi. U bilan birga vazirlar soni 19 nafarga yetdi.

Yangi vazirlar mahkamasi hammasi bo‘lib 29 kishidan iborat bo‘ladi: 19 vazir, 10 nafar davlat kotibi. Makron raisligidagi birinchi vazirlar kengashi Yelisey saroyida 22 iyunda bo‘lib o‘tadi. 

Ko‘proq yangiliklar: