Barcha sudyalar va prokuratura xodimlariga uy-joy ijarasi kompensatsiya qilinadi

O‘zbekiston 14:56 / 22.06.2017 18553

Vazirlar Mahkamasining 9.06.2017 yildagi 365-son  “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan prokuratura xodimlari uchun qo‘shimcha imtiyozli ipoteka, shuningdek, uy-joylarni ijaraga olgan sudyalar va prokuratura xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan, deb yozmoqda Norma.uz.
 
Qo‘shimchalar sudyalarga, prokuratura organlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti xodimlariga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartibi to‘g‘risida nizomga kiritildi. Endilikda ipoteka kreditlari prokuratura organlari xodimlariga 3 yillik imtiyozli davr bilan beriladi va mazkur davr mobaynida kreditlar bo‘yicha faqat foizlar to‘lanadi.

Sudyalar uchun imtiyozli davr ko‘zda tutilmagan.

Bundan tashqari,  Sudyalarga, prokuratura organlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi  Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti xodimlariga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijaraga turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

Endi uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi uy-joy bilan ta'minlamagan barcha sudyalarga, prokuratura organlari xodimlariga to‘lanishi mumkin. Ilgari kompensatsiyani doimiy yashash joyidan tashqari mintaqada lavozimga tayinlangan (saylangan) shaxslar olishi mumkin edi.

Eslatib o‘tamiz, kompensatsiya:  

•  Toshkent shahrida - 4 EKIH;
•  Nukus shahri va viloyatlar markazlarida - 3 EKIH;
•  boshqa shaharlar va tumanlar markazlarida – 2 EKIHdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Ko‘proq yangiliklar: