Ozodlik bahosi: Ronaldu qamalmaslik uchun zarur mablag‘ni to‘lab beradi

Sport 11:34 / 21.06.2017 20075

«Real» hujumchisi Ispaniya soliq organlariga 14,8 million yevro miqdoridagi mablag‘ni to‘lashga qaror qilgan. Cope tarqatgan xabarga ko‘ra, ushbu futbolchi qamalmaslik uchun shuncha mablag‘ni to‘lab beradi.

O‘tgan haftada Ispaniya prokuraturasi ushbu portugaliyalik futbolchini 2011-2014 yillar mobaynida 14,7 million yevro miqdoridagi mablag‘ni soliq sifatida to‘lamaganlikda ayblagandi. Natijada futbolchi 28 million yevro miqdorida jarimaga tortilishi va 7 yilga qamalishi mumkin bo‘lib qoldi.

Shundan keyin Ronaldu «Real» o‘zini yetarli darajada himoya qilmayapti deb hisobladi va klubdan ketishi haqida ma'lum qildi.

Ushbu futbolchi Konfederatsiyalar kubogi yakunlangach, 31 iyul kuni Madrid sudiga boradi.

Voqealarning keyingi rivoji Ronalduning advokatlari harakatlariga bog‘liq. Futbolchi qamalmaslik uchun tergov bilan hamkorlik qilishi kutilmoqda.

Qayd etish kerakki, shunga o‘xshash holat «Barselona» futbolchilari Lionel Messi hamda Xaver Maskerano bilan ham sodir bo‘lgandi. Ispaniya sudi ularni soliqlardan bo‘yin tovlashda ayblagan, Messi 21 oyga qamalishi va 2 million yevro miqdorida jarima to‘lashi kerak bo‘lgandi. Maskeranoga esa 1 yillik qamoq jazosi hamda 1 million yevroga yaqin jarima to‘lash xavfi tahdid qilgandi. Ikki futbolchi ham Ispaniya qonunchiligi bilan kelishdi va ularga shartli qamoq jazosi tayinlandi.

Ko‘proq yangiliklar: