Bosh vazir: “Katta tajribaga ega tadbirkorlar uchun bojxona nazoratidan o‘tish jarayoni osonlashadi”

O‘zbekiston 10:24 / 21.06.2017 26354

2017 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston banklar Assotsiatsiyasi binosida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining navbatdan tashqari qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda dastlab Savdo-sanoat palatasining sobiq raisi Alisher Shayxov, keyinroq respublika bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, qurultoy davomida Bosh vazir Abdulla Aripov mamlakatning turli hududlaridan  tashrif buyurgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etdi.  Muloqot chog‘ida tadbir qatnashchilari tadbirkorlik sohasidagi mavjud muammolar yuzasidan savollar berishdi. 

Ta'kidlash joizki, ushbu yig‘ilishda ko‘plab muammoli masalalarga ijobiy yechim topildi. 

Jumladan, Toshkent shahrining Sergeli tumanida yashovchi tadbirkor ham o‘z savoli bilan murojaat qildi: “Men 16 yildan beri kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanaman. Eksport hajmi ortganligi tufayli ba'zi bir xom-ashyoni chet eldan import qilishga to‘g‘ri keladi. Biroq bojxonada rasmiylashtiruv jarayoni uzoqqa cho‘zilishi oqibatida mahsulotlarni eksport qilish qiyinlashmoqda. Ayrim yuklar uzoq muddatgacha bojxonada qolib ketmoqda. Shu masalani yengillashtirish maqsadida mahsulotlarni avvaldan rasmiylashtirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zimizning omborga tushirishning imkoni bormi?"

Abdulla Aripov ushbu masalaga quyidagicha javob berdi:

“Shahar bedarvoza bo‘lishi mumkin emas. Bu jarayonni butunlay bekor qilishning iloji yo‘q. Albatta, sizning vaziyatingizdan kelib chiqqan holda endilikda bojxonaga reyting tizimini kiritishni tavsiya qilamiz. Ushbu reyting orqali har bir importchilarni yillar davomida ma'lum bir darajada tajriba orttirganiga qarab, olib kelayotgan mahsulotini bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayoni tezlashtiriladi. Birinchi kun xom-ashyo olib kirayotgan odam bilan 15 yillik tajribaga ega bo‘lgan tadbirkor o‘rtasida katta farq bor. Yillar davomida o‘ziga yarasha obro‘-e'tibor va imidjiga ega bo‘lgan tadbirkorlar uchun reyting tizimi ishga tushirilishini tavsiya qilamiz”. 
 
Shuningdek, Bosh vazir uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan tadbirkorlarning bojxona nazoratidan o‘tish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishini ma'lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: