BMT koordinatori: "Kelgusi yilda O‘zbekiston qator konvensiyalar bo‘yicha BMTga hisobot taqdim etadi"

O‘zbekiston 21:15 / 21.06.2017 6620

BMT bosh kotibi Antonio Gutterish O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki asosiy masalaga e'tibor qaratdi: suv va mintaqaviy xavfsizlik. Bu haqida 21 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro Press-klub ko‘p tomonlama hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida BMT koordinatori Sasha Grauman ma'lum qildi. Tadbirda qatnashgan "Kun.uz" muxbiri shu mavzudagi ma'lumot bilan bo‘lishdi.

BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish Orol dengiziga borib, u yerdagi vaziyat va global muammo bilan yaqindan tanishdi. U bu suv resurslaridan foydalanishda yetarlicha ko‘p tomonlama hamkorlikning yo‘lga qo‘yilmagani natijasi sifatida qayd etdi. Hozirda BMT suvdan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ikki katta konvensiya ishlab chiqmoqda. 

Shuningdek BMT koordinatori O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yo‘lga qo‘yilayotgan ta'lim va yoshlar siyosatiga doir o‘zgarishlarni yuqori baholadi. BMT bosh kotibi O‘zbekistonda bo‘lganida Prezident bilan shu masalalarda ham suhbatlashdi. 

Bundan tashqari O‘zbekiston taraqqiyotining Harakatlar strategiyasi muhokama qilindi. Eng muhimi, bu Strategiyani hayotga tadbiq qilish davomida erishilgan natijalardir, deydi BMT koordinatori. 

"Kelgusi yillarda O‘zbekiston qator konvensiyalar bo‘yicha BMTga hisobot taqdim etib boradi. Shu bois Strategiyaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekistonning katta muvaffaqiyatlarga erishishga tilakdoshman. 

O‘ylaymanki, BMT bosh kotibi va O‘zbekiston Prezidenti o‘rtasidagi muloqot ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Shu munosabat bilan BMTning O‘zbekistondagi barcha tashkilotlari Harakatlar strategiyasi dasturini amalga oshirishda uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Zero bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyatga ega", - deya so‘zlarini tugalladi koordinator. 

Ko‘proq yangiliklar: