Alisher Kurmanov: "O‘zbekiston - "Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi tarafdori va u bilan hamkorlikka intiladi"

O‘zbekiston 17:37 / 21.06.2017 4632

O‘zbekiston - Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi tarafdori va shu munosabat bilan Afg‘oniston bilan hamkorlikka intiladi. Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov Xalqaro Press-klubning 21 iyundagi "Ko‘p tomonlama hamkorlik: zamonamiz muammolariga mushtarak javob" mavzusidagi sessiyasida shunday bayonot bildirdi. Anjumanda ishtirok etgan "Kun.uz" muxbiri shu haqida xabar berdi. 

"Afg‘onistondagi vaziyat bugungi kunda dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ShHT sammitida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, u yerdagi tinchlik maqsadida amalga oshirilayotgan barcha harakatlarni O‘zbekiston Respublikasi qo‘llab-quvvatlashi hamda Afg‘onistondagi  tinchlik, osoyishtalik hamda xavfsizlikni ta'minlash yo‘lidagi harakatlarga qo‘ldan kelgancha yordam berishini  aytdilar va Afg‘oniston kontakt guruhi tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar. 

ShHTning Afg‘oniston kontakt guruhi 2005 yilda Rossiya tomonidan oldinga surilgan edi va bu borada qator uchrashuvlar o‘tkazilgan. Shu uchrashuvlar mobaynida Afg‘onistonda narkotrafikka qarshi kurash, mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash, ShHTning turli loyihalariga Afg‘onistonni jalb qilish ishlari olib borildi. Biroq Afg‘onistonga kuzatuvchi maqomi berilgandan keyin ushbu guruh o‘z ishini tugatgan. 2017 yilda afsuski, Afg‘onistondagi vaziyat shiddat bilan o‘zgarib ketdi. 

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan nafaqat ShHT guruhi orqali, balki ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish ishlarini jadallashtiradi. O‘zimiz guvohi bo‘ldik - oxirgi oylarda Prezidentimiz Afg‘oniston rahbari bilan muloqotlar olib bordilar, uchrashdilar. 

Bundan tashqari, yanvar oyida O‘zbekistonning nufuzli delegatsiyasi Afg‘onistonga borib keldi. Shu delegatsiya tashrifi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Unga asosan, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 1,5 milliardga yetildi", - dedi Kurmanov. 

Yana bir muhim bosqichlardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Afg‘oniston masalalari bo‘yicha o‘z maxsus vakillarini tayyorlagani keltirildi. 

"Amalga oshirilayotgan barcha ishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston - Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi tarafdori va shu munosabat bilan Afg‘oniston bilan hamkorlikka intiladi", - deya so‘zlarini yakunladi u. 

Ko‘proq yangiliklar: