Aks-sado: “Kollejlarda o‘qigan avlod yo‘qotildi”, deyish ko‘r-ko‘rona hukm qilishdir

Jamiyat 22:18 / 21.06.2017 47782

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahridagi Uchtepa tumaniga tashrif buyurishi va ushbu safar chog‘ida ta'lim tizimidagi ishlarga baho berishi, jumladan, 11 yillik tizimni qayta tiklash borasida bildirgan fikri jamiyat tomonidan iliq kutib olindi, desak mubolag‘aga yo‘l qo‘ymagan bo‘lamiz. Xususan, ushbu mavzu yuzasidan ommaviy axborot vositalarida bildirilayotgan fikrlar ham rang-barang tus olmoqda. Har kim o‘z fikrini bildirishga oshiqmoqda.

Kun.uz tomonidan ham mazkur mavzu tilga olingan bir qancha tahliliy maqolalar e'lon qilindi. Ana shunday maqolalardan biri «Yo‘qotilgan avlod yoxud 11 yillik ta'lim tizimi atrofida kechgan o‘ylar» sarlavhasi ostida berilgan bo‘lib, unda bu tizimning ijobiy tomoni haqida so‘z boradi. Kuni-kecha tahririyatimizga kelib tushgan maktublardan birida ushbu maqolaga o‘ziga xos tarzda raddiya bildirilgan. 

“Assalomu alaykum! Men doimiy ravishda Kun.uz saytini kuzatib boraman. Bugun ham sayt yangiliklarini kuzata turib, «Yo‘qotilgan avlod yoxud 11 yillik ta'lim tizimi atrofida kechgan o‘ylar» sarlavhali maqolaga ko‘zim tushdi.

Qiziqib, maqolani o‘qib chiqdim va ochig‘ini aytganda, jahlim chiqdi. Maqola muallifi maqola boshida bu barchasi uning o‘z shaxsiy fikrlari ekanligini bildirgan bo‘lsa-da, lekin maqola orasidagi ayrim jumlalarda «barchaning fikri aslida shunday», ma'nosidagi gaplar e'tiborimni tortdi va men bu fikrlarga o‘z e'tirozimni bildirmoqchiman. 

Jumladan, maqola muallifining «Ammo achchiq haqiqat shundaki, men ham ko‘pchilik kabi shu vaqtgacha haqiqat ko‘ziga tik qaray olmadik. Natijada ko‘p narsa yo‘qotdik, ha, juda ko‘p narsa — butun bir avlodni yo‘qotdik. Aniqroq aytish ham mumkin, odob-axloq yemirildi, yoshlar o‘rtasida bir necha salbiy ko‘rsatkichlar, jumladan, jinoyatchilik ham ortdi, voyaga yetmagan g‘o‘r yoshlar ilk marta o‘qishga kirishdagi va baholashdagi tamagirlikni hamda bandlikni ta'minlashdagi ko‘zbo‘yamachilikning bevosita guvohiga aylanishdi, bu ularning murg‘ak ongida qanchalik asorat qoldirganini o‘ylashning o‘zi dahshat», degan so‘zlariga quyidagi e'tirozimni bildirmoqchiman: 

Aslida, siz va boshqalar maktab ta'limi yana 2 yilga uzayganidan emas, o‘zingiz o‘qigan, ko‘nikkan ta'lim tizimi qayta tiklanayotganidan xursandsiz, xolos. Siz va boshqalar 11 yillik ta'lim orqali erishish mumkin bo‘lgan natijalarga emas, yoshlik paytlaringiz esingizga tushgani, 1-sinfdan to 11-sinfgacha bitta yerda «tosh qotib» o‘tirganlaringiz xotirasi jonlanganidan shodlanib ketgansiz. 

To‘g‘ri, 11 yillik maktab ta'limi orqali bir qator ustuvor natijalarga erishish mumkin, lekin 9 yillik maktab ta'limini «butun bir avlodning yo‘qotilishi», deb atash, bu ko‘r-ko‘rona hukm qilishdir!

Ayniqsa, sizning «odob-axloq yemirildi, yoshlar o‘rtasida bir necha salbiy ko‘rsatkichlar, jumladan, jinoyatchilik ham ortdi», degan so‘zlaringiz, siz shuncha yil xalq orasida bo‘lib, vaziyatga barmoqlar orasidan qarayotganingizni bildiradi. 

«Odob-axloq yemirildi». Aslida unday emas, aslida odamlarda «fahm-farosat» pasaydi, xolos. Bunda aybni ta'lim tizimi yoki o‘quvchi-o‘qituvchidan emas, o‘zimizdan, ota-onalar va o‘quvchini o‘rab turganlardan qidirish kerak. Hozirgi kunda ayrim ota-onalar «maktab tarbiyani ham berishi kerak, bu vazifa ota-onani vazifasiga kirmaydi», degan fikrga kelgan. Lekin, o‘qituvchi o‘quvchiga bir bor qattiq gapirsa, o‘sha ota-ona maktabga kelib, o‘qituvchining obro‘sini yer bilan bitta qilib, uni ishdan haydashgacha borishmoqda va o‘z farzandlariga «o‘qituvching aslida hech kim, u seni urishishga ham, jazolashga ham haqi yo‘q» qabiladagi fikrlarni singdirmoqda, tabiiyki, bunday fikrda ulg‘aygan avlod ta'limni nazar-pisand qilmayapti.

«Jinoyatchilik ortdi». Shu tanqidingizga javoban savol bersam, jinoyatni kimlar qilmoqda?! Jinoyatni o‘ziga to‘q bo‘lgan, o‘qituvchining murojaat va e'tirozlarini pisand qilmaydigan oila farzandlari sodir etmoqda. Borovskiy kolleji o‘quvchilari sodir etgan jinoyat ham o‘ziga to‘q oila farzandlari tomonidan qilingani bunga yaqqol misoldir.

«Baholashdagi tamagirlik» ham, ota-ona farzandi ta'limiga barmoq orasidan qarashi, pul bilan barcha muammosini hal qilish mumkin ekanligini farzandiga singdirishi orqali yuzaga kelmoqda.

Shunday ekan, ta'lim tizimiga e'tiroz bildirmang. Avlod yo‘qotilgani yo‘q, avlod o‘zidan oldingilar yoxud o‘z yaqinlari tomonidan yo‘ldan adashtirildi. Agarda xalqimizga xos bo‘lgan rahimdillik, ota-onasini hurmat qilish kabi odatlar cheklansa, ayrim ota-onalar o‘z unvon va lavozimini muallimlarga ro‘kach qilmasdan farzandiga to‘g‘ri tarbiya bersa, barchasini yana qayta izga solish mumkin.

«Kun.uz’da berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, ota-onalarning 70 foizi maktablarda 10- va 11-sinflar ochilishini, farzandlari litsey yoki kasb-hunar kollejlaridan ko‘ra, maktabda o‘qishni davom ettirishlarini yoqlashmoqda». Ha, ota-onalarning 70 foizi 10- va 11-sinflar ochilishini yoqlashdi-yu, 30 foizi rad etdi. 30 foiz bu juda yirik ko‘rsatkich aslida, demak, xalq hanuz ikkilanishda!

«Agar shu so‘rovnoma viloyatlarda, olis tuman yoki qishloqlarda o‘tkazilsa, ishonchim komilki natija 90 foizdan kam bo‘lmaydi». Siz masalaning boshqa tomonini hisobga olmagansiz. O‘quvchilar-chi?! O‘sha 10- va 11-sinfni o‘qiydigan o‘quvchilar-chi?! Ularning ham fikrini kimdir hisobga oladimi?! Yoki umrini 2 yilini yana o‘sha maktabida o‘tkazuvchi o‘quvchilarni fikri hech kimga qiziq emasmi? Qo‘shimchasiga, hech bir ota-onaga «farzandingiz 9 yil borgan maktabga yana 2 yil keladi, bu bilan u diplomsiz, ish tajribasisiz, erkin dunyoqarashsiz qoladi, yangi fanlar deyarli o‘rgatilmaydi», kabi tushuntiruv gaplari aytilmadi.

So‘rovnomada qatnashgan va 11 yillikni yoqlagan barcha ota-onalar 11 yillik ta'limda o‘qigani uchun yoshlik xotirasi uyg‘onib, ijobiy javob bergan. Bu xolis fikr emas, xolis fikr deb hech qanday tuyg‘u va shaxsiy manfaatlar aralashmagan fikrga aytiladi. Bu so‘rovni 5-sinfdan 9-sinfgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazish kerak edi! 

Siz sanab o‘tgan «Maktablarda 11 yillik ta'lim qayta joriy etilishining afzal tomonlari» — oldi-qochdi gapdan boshqasi emas. «Yo‘l xarajatlari, yotoq muammosi, turli guruhlarga qo‘shilib ketish» — hozirgi maktab o‘quvchilari orasida ham mavjud, bunda kollej-litseylarni aybdor qilishning keragi yo‘q. Kollej va litseylarda yuzaga keladigan tamagirlikni oladigan bo‘lsak, bunda ham ota-ona aybdor, o‘z farzandini o‘qishga yubormaydi, uni sodir etayotgan ishlariga ko‘z yumadi, o‘z qo‘li bilan ta'lim mutasaddilariga pora tutqazadi va ularni yana yomon otliq ham qiladi. 

Voyaga yetmagan bolalar mahallaning ko‘z o‘ngida bo‘lishi — hech qanday imtiyoz yoki imkoniyat bermaydi, hech bir mahalla birovning oilaviy ishiga aralasha olmaydi, ayniqsa, o‘sha oila moliyaviy tomondan yetarlicha ta'minlangan bo‘lsa!

Fuqarolar va yoshlarni hukumatga bo‘lgan ishonchini qaytarish uchun esa o‘sha o‘z unvon-martabasini ro‘kach va suiiste'mol qiluvchi ota-onalarni jazolash kerak. 

Siz «Maktablarda 11 yillik ta'lim qayta joriy etilishining «salbiy» tomonlari»ga «ta'limdan so‘ng o‘quvchilar qo‘lida hunari va diplomi bo‘lmasligi», deb javob bergansiz — sizningcha bu arzimagan narsami? Hozirgi kunning o‘zida biror bir korxona yoki tashkilotga borsangiz, sizga birinchilardan bo‘lib beriladigan savol «ish tajribangiz bormi?» bo‘ladi. «Yo‘q» degan javob sizning imkoniyatlaringizni kamaytiradi. Faqat maktabni o‘qigan o‘quvchi qayerga borib ishga joylashadi? Nima bilan shug‘ullanadi? Balki, yoshlar orasida jinoyatchilikning ko‘payib ketayotganiga shu sabab emasmikan?

Aslida 11 yillik ta'limning shu yiliyoq joriy etishga urinishning qator kamchiliklari mavjud:

• Hali ishlab chiqilmagan darslar va dars o‘tish dasturi;

• O‘quv qo‘llanmalar va darsliklar yo‘qligi;

• Yetarlicha ulkan xarajat;

• 11-sinfdan keyin o‘quvchilarning nima bilan band bo‘lishlari haqida aniq bir fikr yo‘qligi.

Mening fikrimcha, 11 yillik ta'limni kamida 3 yil aniq va puxta ishlab chiqilgan dastur asosida amalga oshirgan durust. 

Xolis tanqidchi

Ko‘proq yangiliklar: