Abdulla Aripov yer ololmagan fermerning muammosi bilan shaxsan shug‘ullanadigan bo‘ldi

O‘zbekiston 09:23 / 21.06.2017 21063

2017 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston banklar Assotsiatsiyasi binosida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining navbatdan tashqari qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda dastlab Savdo-sanoat palatasining sobiq raisi Alisher Shayxov, keyinroq respublika bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, qurultoy davomida Bosh vazir Abdulla Aripov mamlakatning turli hududlaridan  tashrif buyurgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etdi.  Muloqot chog‘ida tadbir qatnashchilari tadbirkorlik sohasidagi mavjud muammolar yuzasidan savollar berishdi. 

Ta'kidlash joizki, ushbu yig‘ilishda ko‘plab muammoli masalalarga ijobiy yechim topildi. 

Jumladan, 2016 yilda Toshkent viloyatida yashovchi fermer 100 bosh sigiri 200 taga ko‘paygani sababli hukumatdan yer ajratilishini so‘rab murojaat qilgan. Biroq uning xatiga bir yil davomida hech qanday javob kelmagan. 

Abdulla Aripov ushbu masalaga quyidagicha izoh berdi:

“Prezidentimiz tadbirkorlarning muammolarini yechish bo‘yicha barcha qonuniy chora-tadbirlarni ko‘rdilar. Biroq mahalliy idoralarda hamma ishlar ko‘ngildagidek bajarilmoqda, deb ayta olmaymiz. Albatta, har bir qoramolga yem yeyishi uchun, harakatlanishi uchun joy kerak”. 

Bosh vazir ushbu masalaning zudlik bilan hal etilishini Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yukladi va bu ish bilan shaxsan o‘zi shug‘ullanishini aytib o‘tdi.

“Men qarorni chiqarganimdan so‘ng viloyat hokimi yana ko‘p sarson qilishi mumkin. Lekin bir narsani va'da beraman: Men har qanday ishni oxiriga yetkazaman. Bu ishni qaysi hokim bo‘lishidan qat'i nazar, albatta, amalga oshiramiz", - deya qayd etdi Bosh vazir.

Ko‘proq yangiliklar: