Xorijdagi O‘zbekistonga oid madaniy yodgorliklarni tadqiq etish markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston 22:50 / 20.06.2017 4447

O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid ko‘plab qimmatbaho eksponatlar xorijiy davlatlarning muzeylari va arxiv fondlarida saqlanmoqda. Ushbu madaniy meros yodgorliklarini aniqlash va tadqiq etish, imkon qadar mamlakatimizga olib kelish yuzasidan keyingi yillarda muayyan ishlar qilindi.

Ayni vaqtda xalqimiz, xususan, yoshlarimizni ana shu bebaho ma'naviy boylikdan bahramand etish, tariximiz va madaniyatimizning noma'lum sahifalarini chuqur o‘rganish, chet ellardagi O‘zbekistonga oid madaniy boyliklar haqida to‘liq ma'lumotlar bazasini yaratish, bu yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazini (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi. O‘zA shu haqidagi ma'lumoti bilan bo‘lishdi. 

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

- milliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, chet ellarda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni aniqlash, ularning to‘liq ma'lumotlar bazasi – reyestrini yaratish va uni muntazam yangilab borish, shuningdek, ana shu tarixiy eksponatlarning asl yoki ko‘chirma nusxalarini, foto va videotasvirlarini yurtimizga olib kelish, tegishli ilmiy markazlar, xususan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borib, erishilgan natijalarni ilmiy muomalaga kiritish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;

- faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha xorijiy davlatlardagi muzey va fondlar, arxivlar, ilmiy-madaniy muassasalar bilan o‘zaro madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, turli anjumanlar, konferensiya va ko‘rgazmalar tashkil etish;

- chet mamlakatlarda saqlanayotgan madaniy boyliklarni yurtimizga qaytarish yuzasidan muzokaralar olib borish va zarur chora-tadbirlar ko‘rish, bu borada xalqaro miqyosdagi ilg‘or tajribani o‘rganish va amaliyotga joriy etish;

- madaniy boyliklarning olib kirilishi va olib chiqilishi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi va samarali bajarilishini tahlil qilish, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, xalqaro shartnomalar va umume'tirof etilgan normalarni milliy qonunchiligimiz nuqtai nazaridan atroflicha o‘rganish;

- xorijdagi mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni ommaviy axborot vositalarida, jumladan, global internet tarmog‘ida keng yoritish, ular haqidagi bibliografik to‘plamlar, kataloglar, kitob-albomlar va boshqa matbaa mahsulotlarini turli tillarda nashr etib borish;
- to‘plangan materiallarni mamlakatimiz va jahon miqyosida ilmiy muomalaga kiritish.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: