Samarqanddagi tibbiyot muassasasida tibbiy kislorod ishlab chiqarish mini zavodi ish boshladi

O‘zbekiston 13:42 / 20.06.2017 6228

Samarqand viloyat perinatal markazida tibbiy kislorod ishlab chiqarish mini zavodi va endoginekologiya o‘quv markazi tashkil etilganligi munosabat bilan tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz’ga Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti boshqaruvi raisi Tanya Gyonner, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Neythart Hyofer va boshqalar so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasida do‘stona hamkorlik aloqalari doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida e'tibor qaratishdi. Ayniqsa, tibbiyot sohasida olib borilayotgan hamkorlik ijobiy natijalar berayotganligi e'tirof etildi. Hamkorlik doirasida viloyat perinatal markazida amalga oshirilgan ishlar buning yorqin isboti ekanligi ta'kidlandi.

— Markazimizda bemorlarga bir yillik dori-darmon uchun 300 million so‘m mablag‘ ajratiladi, — deydi viloyat perinatal markazi rahbari B. Jumanov. — Shundan tibbiy kislorodga bo‘lgan ehtiyojni qondirish va uni tashib kelish uchun 160 million so‘m mablag‘ sarflanadi. Zarur dori-darmon uchun 140 million so‘m mablag‘ qolardi, xolos. Bu bir yilda o‘rtacha 7000 ta tug‘ruq kuzatiladigan markazda bir muncha qiyinchiliklarni tug‘dirardi. Tibbiy kislorod ishlab chiqarish mini zavodining ishga tushishi har bir tug‘ruq uchun o‘rtacha 43 ming so‘mdan dori-darmonga mablag‘ ajratish imkonini beradi.  

Mazkur ishlab chiqarish generatorining umumiy qiymati 90 ming yevroga teng bo‘lib, uskuna Belgiyada ishlab chiqarilgan. O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan mazkur kislorod ishlab chiqarish mini zavodi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti ko‘magida tashkil etildi.

Shuningdek, markazda tashkillashtirilgan endoginekologiya o‘quv markazi Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti ko‘magida sotib olingan ikkita «KARL STORZ» laproskopik trenajyorlari va zamonaviy jihozlar bilan ta'minlandi. Bu esa soha xodimlarining endovizual sohasidagi malakasini oshirishga xizmat qiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: