Respublika davolash-profilaktika muassasalari qayta nomlandi

O‘zbekiston 23:03 / 20.06.2017 17154

So‘nggi besh yilda Respublika markazlarida 150 mingdan ortiq operatsiyalar, shu jumladan, 80 mingdan ortiq yuqori texnologik operativ muolajalar bajarildi, davolashning murakkab va noyob uslublari amaliyotga joriy etildi.

Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish asosan Toshkent shahrida jamlangan, bu respublika mintaqalari aholisining tegishli xizmatlardan foydalanishini cheklab qo‘ymoqda. Zamonaviy diagnostika va maxsus tibbiyot uskunalari bilan yetarlicha jihozlanmaganlik, zamonaviy uskunalarda ishlash uchun vrachlarning yetarlicha tayyorlanmaganligi tufayli yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning ayrim turlaridan respublika aholisi foydalana olmayapti. 

Markazlar tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari yetarlicha olib borilmasligi, ayniqsa, yuqumli kasalliklarning turli sohasida, shu jumladan, ijtimoiy xavfli, onkologik hamda kam tarqalgan kasalliklar sohasida eng xavfli va murakkab kasalliklar tarqalishi tendensiyasi va qonuniyatini o‘z vaqtida aniqlash imkonini bermaydi. Eng ko‘p tarqalgan kasalliklar profilaktikasi va ularni barvaqt aniqlashning sinovdan o‘tkazilgan ilg‘or xalqaro amaliyotini joriy etish darajasi pastligicha qolmoqda.

Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarning aniq tarif siyosati, shu jumladan, ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish tarifi ishlab chiqilmagan.

Ixtisoslashtirilgan markazlar vrachlari malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtirishga muhtoj, yetakchi xorijiy ixtisoslashtirilgan klinikalar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, tajriba almashish va xorijiy mutaxassislarni jalb etish zarur darajada amalga oshirilmayapti.

Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning zamonaviy talablarga javob beradigan samarali tizimini yanada shakllantirish, profilaktika va kasalliklarni barvaqt aniqlash choralarini takomillashtirish, aholiga, shu jumladan, mintaqalarda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishning natijadorligi, sifati va undan foydalanishni tubdan oshirish maqsadida: 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining aksiyadorlik jamiyatlari shaklidagi Respublika markazlarini davlat muassasalariga aylantirish va ayrim respublika davolash-profilaktika muassasalarini respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari etib qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi. 

Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tibbiy xizmatlar ko‘rsatishning tegishli ixtisoslashgan yo‘nalishlari bo‘yicha respublikaning bosh tibbiyot tashkilotlari etib belgilandi.

Respublika markazlariga quyidagi asosiy vazifalar yuklandi:

-umuman respublikada va har bir mintaqada kasalliklar tendensiyasini o‘z vaqtida aniqlashni ta'minlaydigan tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, sog‘liqni saqlashning viloyat va tuman (shahar) tashkilotlari uchun profilaktik va davolash faoliyatining sxemalarini ishlab chiqish;

- o‘z ixtisosligi bo‘yicha yagona metodik, texnologik, davolash va profilaktika siyosatini amalga oshirish, zamonaviy tibbiyot uskunalari va texnologiyalarga, dori vositalari va tibbiy buyumlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, klinik protokollarni ishlab chiqish;

- shu jumladan, tegishli tibbiyot hujjatlarini ishlab chiqish, axborot va tushuntirish materiallarini nashr etish orqali mintaqalarda zarur profilaktika ishlari olib borilishiga ko‘maklashish;

- hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlariga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish, ularning amaliyotiga tibbiy yordamning zamonaviy usullari va texnologiyalarini joriy etish;

- sayyor konsultatsiyalar, mahorat darslarini, shuningdek, birinchi navbatda eng murakkab holatlarda hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlarida operatsiyalarni muntazam ravishda o‘tkazib borish;

- Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti bilan birgalikda muassasalarning o‘z tibbiyot xodimlari, ixtisoslashtirilgan hududiy tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot xodimlari malakasini tizimli oshirish, shuningdek, klinik ordinaturada, bazaviy doktoranturada va doktoranturada tor mutaxassis kadrlarni tayyorlash;

- yetakchi xalqaro tibbiyot markazlari, klinikalar va yuqori malakali xorijiy mutaxassislar bilan, shu jumladan, konsultatsiyalar va mahorat darslari o‘tkazish uchun ularni respublikaga taklif etish orqali keng hamkorlikni tashkil etish, sog‘liqni saqlashning mahalliy mutaxassislari chet eldagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va klinikalarida tajriba orttirishiga ko‘maklashish.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklandi.

Respublika markazlari filiallari, turdosh ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari va hududiy tibbiyot ko‘p tarmoqli markazlarining ixtisoslashtirilgan bo‘limlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari kasalliklarning profilaktikasini va ularni barvaqt aniqlashni ta'minlaydi, shuningdek, tegishli ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatadi. 

Ko‘proq yangiliklar: