Portugaliyada yong‘inlar tufayli 27 qishloq aholisi evakuatsiya qilindi

Jahon 22:54 / 20.06.2017 3044

Portugaliyada o‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolmoqda: eng xavfli joy Goysh munitsipaliteti bo‘lib qolmoqda. Bu yerdan 27 qishloq aholisi evakuatsiya qilindi. Bu haqda mamlakatning ichki ishlar bo‘yicha davlat kotibi Jorjye Gomish RTP telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

20 iyunda mutaxassislar mamlakatning markaziy qismida avj olayotgan yong‘inni to‘liq nazoratga olishga muvaffaq bo‘lishlarini aytgandilar. Biroq issiq havo va kuchli shamol tufayli olov yangi kuch bilan, birinchi navbatda, 4,5 ming kishi yashovchi Goysh munitsipalitetida tarqala boshlagan. Kun davomida yong‘in bilan qamrab olingan hududlarga yaqin joylashgan qishloqlar aholisi evakuatsiya qilingan. Vaziyat tutun tufayli ko‘rish darajasi yomonlashgani sababli og‘irlashgan va samolyotlar bu hududlarda muntazam ishlay olmayapti.

60 dan ko‘proq odam halok bo‘lgan Pedrogan-Grandi munitsipalitetida vaziyat ancha yaxshilandi. U yerda yong‘in bilan qamrab olingan hududning 85 foizida yong‘in o‘chirilgan. Hammasi bo‘lib 30 ming gektardan ko‘proq o‘rmon yo‘q bo‘lgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 64 kishi halok bo‘lgan, 150 ga yaqin kishi jarohat olgan. Bu yerda yong‘inni o‘chirishda 17 ta samolyot va 4 ta vertolyot, 1,2 ming nafar o‘t o‘chiruvchi, 400 dan ko‘proq transport vositasi ishtirok etmoqda.   

Portugaliyada yong‘inlarga qarshi hammasi bo‘lib 2,2 ming o‘t o‘chiruvchi kurash olib bormoqda. Ular bir necha kundan beri tabiiy ofatga qarshi tinimsiz kurashib kelmoqdalar. Mamlakatda jabrlanganlarga moddiy va gumanitar yordam, o‘t o‘chiruvchilar uchun suv va yeguliklar yig‘ilmoqda.

Portugaliyaga yordamga Ispaniya, Italiya va Fransiyadan amfibiya samolyotlar yetib kelgan. Ispaniya, shuningdek, qo‘shnisiga o‘t o‘chiruvchilar va harbiylar jo‘natgan.  

17 iyunda Pedrogan-Grandida kuchli yong‘in chiqishiga daraxtga chaqmoq kelib urilishi sabab bo‘lgan.  Issiq havo va shamol tufayli olov o‘rmon massivi bo‘ylab tezda tarqalgan va bu joydagi aholi punktlariga o‘tib ketgan. 

Portugaliyada yozda o‘rmon yong‘inlari muntazam ravishda yuz berib turadi, biroq bunday katta qurbonlar bilan kechgan yong‘inlar bir necha o‘nlab yillar davomida kuzatilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: