«Men esa mutlaqo boshqacha fikrdaman» - Vadim Abramov Babayanga qarshi

Sport 18:54 / 20.06.2017 58380

«Interfutbol» nashri O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Vadim Abramovdan terma jamoaning so‘nggi natijalar haqidagi fikrlarini so‘rab, intervyu oldi.

Vadim Abramov o‘z javoblarida terma jamoa jahon chempionatiga chiqa olmasa, Aziz Haydarov va Odil Ahmedovga achinishini, ularda boshqa imkon bo‘lmasligi mumkinligini qo‘shimcha qilib o‘tgan.

1. Eron - O‘zbekiston o‘yini haqidagi umumiy fikrlar
— Eron termasi bilan bo‘lgan o‘yinga qanday reja tuzilgani men uchun tushunarli, ammo u qay darajada amalga oshgani haqida biror narsa deyish qiyin. Bu uchrashuvda raqibning kuchsiz jihatlari bor edi va undan foydalansa bo‘lardi. Ammo termamiz buni uddalay olmadi. Hozir eronlik futbolchilar ishtirok etadigan aksar chempionatlarda mavsum yakuniga yetgan. Tabiiyki, futbolchilar horg‘in holatda bo‘lishadi.

Bizda esa Qatar chempionatida to‘p suradiganlardan boshqa hamma eng yaxshi sport formasida bo‘lishi lozim edi. Har holda mavsum endi qizg‘in pallaga kirib bormoqda va bu ustunlikdan foydalansa bo‘lardi. Biroq foydalanilmadi.

Bevosita o‘yinning o‘ziga keladigan bo‘lsak, har ikki jamoa ham o‘zining eng yaxshi jihatlarini namoyish eta olmadi. Eron bundan kuchliroq o‘ynashi mumkin edi, O‘zbekiston terma jamoasida ham ochilmagan qirralar bor. Shunchaki, raqib bu uchrashuvdan nima istashini yaxshiroq tushunib turgandi va bir g‘alaba uchun nima qilish kerak bo‘lsa, o‘shani amalga oshira oldi.

2. O‘zbekiston terma jamoasi Tehronda o‘tgan avvalgi bahsda Eronni mag‘lub etgan edi. Bu safar nima o‘zgardi - O‘zbekiston kuchsizlandimi yoki Eron kuchayganmi?
— Tehronda bo‘lib o‘tgan oxirgi o‘yindan so‘ng Eron terma jamoasi ancha kuchaygan. Har holda bir murabbiy jamoani butun boshli ikki sikl davomida boshqargandan keyin jamoaviy o‘yin borasida saviya oshishi turgan gap. Karlush Keyrush aqlli murabbiy. Eron terma jamoasi bizning guruhda yaqqol favorit ekani ko‘rinib turgandi. Biroq shu bilan birga raqib juda ham dahshatli o‘yin ko‘rsatib yuboryapti, demagan bo‘lardim. Shunchaki, Eron tartibli o‘ynab, yuzaga keladigan imkoniyatlardan imkon qadar unumli foydalanmoqda. Albatta, bu ham murabbiy olib borgan ish samarasi.

3. Samvel Babayan ayni vaqtdagi tarkibni o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchlisi, deb aytgan edi. Ammo Eronga qarshi kechgan bahsda o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchsiz jamoa maydonga tushdi, degan fikrga qo‘shilasizmi?
— Samvel Babayanning gaplariga izoh berish mening vakolatimda emas. Hammaning o‘z fikri bo‘ladi va uning nazdida ayni vaqtdagi tarkib o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchlisi bo‘lishi mumkin. Bu savolni unga berish kerak. Men esa mutlaqo boshqacha fikrdaman.

To‘g‘risini aytsam, agar mana shu tarkib jahon chempionatiga chiqa olmaydigan bo‘lsa, bir qator futbolchilarga achingan bo‘lardim. Xususan, Odil Ahmedov va Aziz Haydarov hozir ayni kuchga to‘lgan vaqtda. Agar ular mundialda ishtirok eta olishmasa, bu hammamiz uchun achinarli bo‘lishi muqarrar. Biroq hali jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun real imkoniyat mavjud. Kurashni oxiriga qadar davom ettirish lozim.

Ko‘proq yangiliklar: