Igor Sergeyev: «Termadan ket deyishsa, kulgim keladi»

Sport 17:37 / 20.06.2017 39346

«Paxtakor» va O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev JFL.uz internet-nashriga intervyu berdi. Sergeyev intervyu davomida terma jamoadagi muvaffaqiyatsizliklari, muxlislarning e'tirozi va JChga chiqish imkoniyatlariga to‘xtaldi.

– Nima uchun termada gol ura olmayapsiz, bunga qulay pozitsiyada o‘ynamayotganiz sababmi?
– Bu boshqa darajadagi o‘yin. Qachon biz Filippin va shunga o‘xshash jamoalar bilan o‘ynaganimizda to‘liq ustunlik qilamiz. Bunday o‘yinlarda esa imkoniyat ko‘p bo‘lmaydi. Nafaqat menda, balki jamoaning boshqa o‘yinchilarida ham, chunki raqib jamoa yaxshi himoyalanadi. Agar e'tibor bergan bo‘lsangiz, biz bir qancha gollarni standartlardan kiritganmiz. Himoyani yorib o‘tish esa juda qiyin. Ular jismonan ham baquvvat va ham bo‘y jihatdan ustunlikka ega. Agar menda 10ta imkoniyat bo‘lib, gol urolmaganimda aytardim – «Ha, men gol urolmayman». Ammo imkoniyatning o‘zi bo‘lmayapti-ku.

– Futbolda harakat qilmasang, raqib jamoa imkoniyat bermaydi-ku? (Eron – O‘zbekiston 2:0 misolida).
– Haqiqatan ham bu futbol va imkoniyat har doim bo‘ladi. Hozir hamma jamoa bunga tirishmoqda, biz ham bunga harakat qilamiz. Ha, qayerlardadir imkonsiz holda qolib, yutqazdik. Hozir hamma jamoa bir xil imkoniyatga ega, lekin hammasi o‘yin tartibiga qaraydi. Qaysi jamoa himoyani yaxshi ushlasa va imkoniyatlardan foydalana olsa, o‘sha jamoa g‘alaba qozonadi.

– Milliy terma jamoaning hujum chizig‘iga davogarlar ko‘p. Raqobatdoshlaringiz to‘g‘risida nima deya olasiz?
– Temurxo‘ja bilan yaxshi munosabatdaman. U yaxshi yigit. Agar mening joyimda uni ko‘rishni istashsa, nima ham derdim. Oldinda yoki chap qanotda o‘ynashimni men hal qilmayman, buni murabbiylar hal qiladi. Murabbiylar orqasida ham buni ko‘ra oladigan juda ko‘p odamlar o‘tiradi. Ba'zi paytlarda chap qanot yarim himoyasiga qo‘yishadi, menimcha hammasi to‘g‘ri o‘ylangan.

– Muxlislar sizni terma jamoaning hujum chizig‘ida ko‘rishni istashmayapti. Ularga qanday javob bera olasiz?
– «Termadan ket» deyishsa, kulgim keladi. Menga ishonib terma jamoaga chaqirishadi, bu men uchun sharaf, g‘alaba uchun hatto maydonda o‘lishga ham tayyor bo‘ladi futbolchi. Lekin vaziyatni tushunmaydigan ba'zi birovlar «Termadan ket» deydi. Tasavvur qiling, senga ishonib chaqirishsa, sen termaga kerak bo‘lsang, qanday qilib «Yo‘q, kechirasizlar, men o‘ynamayman», deb uyga borib, divanda yotasan. Bu — sotqinlik.

– Terma jamoaning mashg‘ulotlaridan tashqari, o‘z ustingizda ishlaysizmi?
– Ha albatta, o‘z ustimda ishlayman, asosan individual mashg‘ulotlarimda darvozani aniq nishonga olish bo‘yicha mashqlar bilan ishlayman. Hamma aytadi darvoza burchagiga tep, darvoza burchagiga tep, deb, lekin aytish oson, uni bajarish qiyin. Men ham xohlayman gol urishni, albatta yutqazishni istamayman, axir men o‘zimga dushman bo‘lmasam kerak? Siz aytgandek, hammasi shunday oson bo‘lganida, men hozir «Real»da o‘ynayotgan bo‘lardim.

– Oxirgi savol. Jahon Chempionatiga chiqamizmi yo‘q-mi?
– Agar bu uchun o‘lish kerak bo‘lsa, men maydonda o‘lishgayam tayyorman. Xudo xohlasa, albatta chiqamiz.

Ko‘proq yangiliklar: