U Koreyaga ishlash uchun odam yubormoqchi edi, o‘xshamadi...

Jamiyat 17:20 / 19.06.2017 13211

O‘zbekiston Respublikasi MXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti viloyat boshqarmalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan o‘z nafsini xalq manfaatidan ustun qo‘yib, korrupsiya bilan shug‘ullanish holatlari bo‘yicha olinayotgan ariza va shikoyatlar qonun ustuvorligida ko‘rib chiqilmoqda. Noqonuniy harakatlar sodir etganlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilyapti.

Farg‘ona viloyat milliy xavfsizlik xizmati va departament xodimlari tomonidan Quva tumanida yashovchi fuqaro Mutaliyevning marg‘ilonlik Muazzamovni Farg‘ona davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga besh ming AQSh dollari so‘ragani holati bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazildi. Bevosita xolislar kuzatuvida Mutaliyev 5 ming emas, dastlabki 4 ming dollarni olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Hozirda uning harakatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ko‘rib chiqilmoqda.

Fuqaro Nazirova milliy xavfsizlik xizmatining Quva tuman bo‘limiga qilgan murojaatida Farg‘ona shahrida yashovchi An Chan Nam ismli shaxs Koreyaning O‘zbekiston elchixonasidagi tanishlari orqali o‘zi va jiyani Xoldorovni Koreya Davlatiga ishlash uchun jo‘natish evaziga har biridan 3 ming AQSh dollari jami 6 ming dollar talab etganini ma'lum qilib, qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.

Holat bo‘yicha tuzilgan tezkor tergov guruhi esa Qirguli mavzesidagi “Toshkent” kafesida An Chan Namni kimyoviy ishlov berilgan dollarlarni olayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan birga qo‘lga olgan. Holat yuzasidan jinoyat kodekisining 168-moddasi 1-qismi hamda 28- va 211-moddalari bilan ish qo‘zg‘atilib, tergov surishtiruv ishlari davom ettirilyapti.

Maxsus xizmatlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish bo‘yicha tadbirlar davom ettirilmoqda.  

Ahror Ziyo, Farg‘ona

Ko‘proq yangiliklar: