Sho‘rchi tumani hokimi xalq bilan ishlay olmagani uchun ishdan olindi

O‘zbekiston 17:31 / 19.06.2017 28361

16 iyun kuni Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani hokimi Xaybulla Mamatqulov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Xalq bilan muloqot guruhida xabar berilgan.

Iste'foning asosiy sabablari Xaybulla Mamatqulov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan e'lon qilingan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”dan ko‘zlangan maqsad va vazifalarning tub mohiyatini yetarlicha tushunib yetmasdan, tuman aholisi bilan tizimli ravishda samarali aloqa o‘rnatmagani, fuqarolarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarga e'tiborsizlik bilan qarab kelgani hamda bu borada hokimlik tizimida ishlarni lozim darajada tashkil eta olmagani bo‘ldi.

Sobiq hokim aholini qiynayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va tahlil qilish asosida ularni hal etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘rsatish masalasida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan. Bu borada talabchanlik yetishmasligi, sustkashlik qilib kelgani uchun tuman faollari va aholi orasida Mamatqulovning faoliyatiga nisbatan e'tirozlar ortib borgan.

Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan Mamatqulovga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan jiddiy kamchiliklari uchun bir necha bor intizomiy choralar ko‘rilgandi. Lekin u bundan tegishli xulosa chiqarmagan va hudud aholisi muammolarini hal etish yuzasidan zarur amaliy choralar ko‘rmagan.

Xaybulla Mamatqulov Sho‘rchi tumani hokimi sifatida 2012 yil 6 fevraldan buyon ishlab kelayotgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: