Shimoliy Koreya AQShni diplomatik pochtani o‘g‘irlashda aybladi

Jahon 07:45 / 19.06.2017 5683

Shimoliy Koreya Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi aeroportida 16 iyunda yuz bergan voqea uchun AQShdan rasmiy tushuntirish berishni talab qildi. 

Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligi vakilining 18 iyunda chop etilgan bayonotiga ko‘ra, o‘sha kuni AQSh idoralari "Shimoliy Koreyaga qaytayotgan delegatsiyadan diplomatik pochta bor bo‘lgan paketni tortib olgan". Shimoliy Koreya delegatsiyasi Nogironlar huquqlari konvensiyasiga a'zo davlatlarning anjumanida ishtirok etgandi.  

Diplomatning ta'kidlashicha, shu tariqa AQSh idoralari "noqonuniy va dahshatli ig‘voni amalga oshirganlar". Shimoliy koreyalikning ma'lumotlariga ko‘ra, diplomatik kurer sertifikatiga ega bo‘lgan Shimoliy Koreya delegatsiyasi a'zolaridan hujjatlar tortib olinayotganda ular qarshilik ko‘rsatishgan. Shu sababli 20 politsiyachi va AQSh ichki xavfsizligi departamenti xodimlaridan iborat guruh shimoliy koreyaliklarga nisbatan kuch ishlatgan.       

Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligi hukumat nomidan AQSh hukumati harakatlarini qat'iy qoraladi. Pxenyanda bu harakatlar "mustaqil davlat suverenitetini poymol qilish va ataylab uyushtirilgan ig‘vo" sifatida baholangan.  

Shimoliy Koreyaning fikricha, AQSh "bu voqea tufayli batafsil tushuntirish berishi va rasmiy darajada uzr so‘rashi shart". "Aks holda bu voqeaning oqibatlari uchun butun javobgarlik AQSh zimmasiga tushadi", deb aytdi Shimoliy Koreya vakili. 

AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘q, Vashingtonning Pxenyandagi manfaatlarini Shvetsiya elchixonasi bildiradi. Shimoliy Koreya matbuotida AQSh "koreys millatining ashaddiy dushmani ekanligi" ta'kidlab turiladi.

Ko‘proq yangiliklar: