Prezident farmoniga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish tizimi tubdan takomillashtiriladi

O‘zbekiston 23:57 / 19.06.2017 24226

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning «Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi.

Farmon matniga ko‘ra, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni ijro etish, biznes hamjamiyati va davlat organlari o‘rtasida samarali muloqot va sog‘lom sherikchilik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilish kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlar bilan biznes-muhitni takomillashtirish masalalari bo‘yicha dolzarb axborot almashinuvining doimiy kanalini, avvalo viloyatlar, shaharlar va tumanlarda joriy etish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning amaliy natijalariga erishish, o‘zining biznesini tashkil etish va yuritishda aholiga har tomonlama ko‘mak berish, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlariga sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatishni ta'minlash maqsadida bir necha sohalarda amalga oshiriladigan vazifalar sanab o‘tilgan. Jumladan:

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish sohasida – tadbirkorlik sub'yektlarini, ayniqsa, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish davrida ularni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli muhofazasining kafolatlarini kuchaytirish, jadal rivojlanishiga har tomonlama ko‘mak berish, xususiy mulk va tadbirkorlikning ustuvorlik roli va daxlsizligini ta'minlash, respublikamiz tumanlari va shaharlarida aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, jumladan:

- vakolatli organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi holatini tahlil qilish hamda uning natijalarini tizimli asosda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa vakolatli organlarga taqdim etish;

- tadbirkorlik faoliyati sohasi qonunchiligining, avvalo, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishi ustidan jamoat nazoratini amalga oshirishning amaliy mexanizmini joriy etish hamda ularning faoliyati bo‘yicha mustaqil baholashni tayyorlash va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish;

- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari va xodimlariga nisbatan shikoyat arizalari bergan tadbirkorlik sub'yektlarining manfaatlarini himoya qilish;

- tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati monitoringini amalga oshirish hamda ular faoliyati tekshiruvlarida Palata a'zolarining ishtirok etishini ta'minlash.

Ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash sohasida – tadbirkorlik faoliyati sohasi qonunchiligini yanada takomillashtirish, tadbirkorlik sub'yektlarini ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyati sohasida qabul qilingan me'yoriy-huquqiy hujjatlarning amaliyotga joriy etilishi ustidan jamoat ekspertizasini tashkil etish va jamoat nazoratini kuchaytirishga keng jalb qilish, jumladan:

- tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti va investitsiya muhitini shakllantirish bo‘yicha davlat dasturlari, shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

- tadbirkorlik sub'yektlarini ishbilarmonlik muhiti holatini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga keng jalb qilish, tadbirkorlik tuzilmalari bilan birgalikda me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini, jumladan, sanoat, transport, qurilish, moliya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, savdo va xizmatlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa sohalar bo‘yicha ekspert kengashlarini tashkil etish orqali tashkil etish;

- tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini mustahkamlash, ularning rivojlanishini rag‘batlantirishni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

- respublikamiz tumanlari (shaharlari), viloyatlari kesimida joylardagi ishbilarmonlik muhitining holati hamda qonunchilikdagi me'yorlar va talablarning amalga oshirilishi natijalari bo‘yicha har chorakda tahlil o‘tkazish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa vakolatli organlarga ularni yaxshilash bo‘yicha tahliliy materiallar va takliflarni taqdim etish.

Tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish sohasida – tadbirkorlik sub'yektlariga biznesni tashkil etish, yuritish va yanada rivojlantirishda amaliy yordam ko‘rsatish, davlat organlari va bozor infratuzilmasi sub'yektlari xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha imkoniyatlar va sharoitlar yaratish, maslahat yordami va axborot ta'minotini taqdim etishda quyidagilar orqali ko‘maklashish:

- yangidan faoliyat boshlayotgan tadbirkorlarni joylashtirish uchun biznes-inkubatorlar faoliyatini yaratish va tashkil etish hamda ularga biznes-rejalarni tayyorlash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq zarur axborotlarni olish va amaliy masalalarni hal etishda ekspert, huquqiy va maslahat yordami ko‘rsatish;

- tadbirkorlarning investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq zarur axborotlarni olishiga yordam berish;

- tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda, ular faoliyati bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilganida tadbirkorlik sub'yektlariga huquqiy va yuridik yordam ko‘rsatish;

- moliyaviy va tovar-xomashyo resurslari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, texnologik mashinalar va qurilmalar, ishlab chiqarish obektlari, shuningdek, yer maydonlaridan foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatish;
- Savdo-sanoat palatasi a'zolari va hamkorlari ishtirokida jamoatchilik asosida qo‘mitalar, ishbilarmonlik va muvofiqlashtirish kengashlarini tashkil etish;

- innovatsiya tadbirkorligini joriy etishga, «startup» loyihalar, yoshlarning, avvalo oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarining o‘z biznesini tashkil qilish va yuritishga, shuningdek, aholi bandligi va daromadlarining jadal o‘sishini ta'minlashga xizmat qiladigan kichik, xususiy va oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikning turli shakllarini jadal rivojlantirishga faol ko‘maklashish.

Davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik sohasida – davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari – qonunchilik, sud va ijro etuvchi hokimiyatlar, shuningdek, bank-moliya tashkilotlari va bozor infratuzilmasining boshqa sub'yektlari bilan o‘zaro hamkorlikni ta'minlashni moslanuvchanligi va natijadorligiga xizmat qiladigan samarali o‘zaro hamkorlik tizimini va yangi ish shakllarini joriy etish, jumladan:

- tadbirkorlik sub'yektlari bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, joylardagi barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni samarali tashkil etishga ko‘maklashish, «to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qayta aloqa» tamoyili bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning amaliy va samarali mexanizmini yaratish;

- tadbirkorlik sub'yektlarining murojaatlarini qabul qilish va qayta ishlash, vakolatli organlarga ko‘rib chiqish uchun taqdim etish, shuningdek, ularning ijro etilishi ustidan monitoring olib borish va tahlil qilish;

- viloyatlar markazlari, tumanlar va shaharlarda Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari faoliyatini tashkil etish, ularning vakolatli davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek, davlat xizmatlari taqdim etuvchi xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan o‘zaro hamkorligini ta'minlash.

Tadbirkorlik sub'yektlarini o‘qitish va kadrlar tayyorlash sohasida – tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi sifatini tubdan oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini inobatga olgan holda, ta'lim yo‘nalishlari va ixtisosliklari bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish, har bir tuman va shaharlarda kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash doimiy kurslarini quyidagi usullar orqali tashkil etish:

- O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan Respublika tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish markazi va uning hududiy filiallari bilan, jumladan, kasb-hunar kollejlari negizida mashg‘ulotlardan bo‘sh vaqtlarida, o‘zaro hamkorlikni tashkil etish;

- markaz faoliyatining yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro moliya institutlari, xorijiy donorlar va chet davlatlarning tadbirkorlarni o‘qitish bo‘yicha muqobil markazlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

- tadbirkorlarga biznes yuritish asoslari, biznes-rejalar tuzish, tadbirkorlik faoliyati sohasida qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, menejment, moliyaviy boshqaruv va boshqa zarur fanlarga o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari uchun o‘quv kurslarini ishlab chiqish va o‘tkazish;

- tadbirkorlarga xodimlarni tanlash va o‘qitishda, ularning kasb malakasini doimiy oshirishda ko‘maklashish, hududlar va tadbirkorlik sohalarida malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim muassasalarida mutaxassislar tayyorlashga davlat buyurtmalarini shakllantirishda ishtirok etish;

- ta'limni tashkil etish uchun oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlarining o‘qituvchilari, amaliyotchi-mutaxassislar, yuqori natijalarga erishgan tadbirkorlar va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish.

Tashqi iqtisodiy faoliyat va investitsiyalarni jalb qilish sohasida – respublikamiz tadbirkorlik sub'yektlarining xalqaro ishbilarmonlik hamjamiyatiga integratsiyalashuvi, mahalliy korxonalar mahsulotlarining tashqi bozorlarga chiqarilishini ta'minlash, milliy brendlarni xorijda faol ilgari surish, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, jumladan:

- biznes-forumlar, ko‘rgazmalar va yarmarkalarni tashkil etish va ularda mahalliy tadbirkorlik sub'yektlarining keng ishtirokini ta'minlash;

- tadbirkorlik sub'yektlariga ishonchli hamkorlar, yangi bozorlarni izlash va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish, eksport turlarini kengaytirish va tadbirkorlik sub'yektlarining eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, huquqlari va manfaatlarini muhofaza qilishda yordam ko‘rsatish;

- tashkil etilgan kichik sanoat va erkin iqtisodiy zonalarda ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etishga oid loyihalarni amalga oshirish doirasida tadbirkorlik sub'yektlari, jumladan xorijiy investorlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish;

- mazkur vazifalarni amalga oshirishda respublikamizning chet eldagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalari bo‘yicha maslahatchilari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining chet eldagi vakolatxonalari bilan faol o‘zaro hamkorlikni ta'minlash.

kabi chora-tadbirlar belgilab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi belgilangan aniq strategik maqsadlar va asosiy vazifalarning samarali amalga oshirilishini ta'minlaydi, Savdo-sanoat palatasi Prezidiumi majlislarida qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini muntazam ko‘rib chiqsin.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatining strategik maqsadlari va vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishni ta'minlaydi.

Farmonning keyingi matnlarida Savdo-sanoat palatasining ayrim takliflari ma'qullangan va uning huquqlari sanab o‘tilgan. Shuningdek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etilishi belgilangan va markazlar faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari sanab o‘tilgan.

Ko‘proq yangiliklar: