«Bavariya» hujumchisi Robert Levandovskining agenti Maik Bartel ma'lum qildiki, polshalik futbolchi klubda o‘ziga bo‘lgan munosabatdan norozi.
Ushbu hujumchining hisoblashicha, klub o‘zining bundesliga to‘purari bo‘lishi uchun yetarlicha yordam ko‘rsatmagan. Yakunlangan mavsumning 34-turida Dortmundning «Borussiya» klubi hujumchisi Per-Emerik Obameyang dubl qayd etdi va Levandovskini 1 golga ortda qoldirib ketdi.
«Bavariya» ushbu turda «Frayburg»ni yirik hisobda mag‘lub etgandi (4:1). Gollarni Aren Robben, Arturo Vidal, Frank Riberi va Yozua Kimmih urgan, Levandovski faqat oxirgi golga pas bergan.
Agent o‘z mijozining so‘zlarini keltiradi.
«Robert menga aytdiki, uni jamoadoshlari qo‘llab-quvvatlamadi, murabbiy [Karlo Anchelotti] unga oxirgi turda ham gol urib, mavsum bombardiri bo‘lishiga imkoniyati yaratib bermadi.
U bundan juda qattiq xafa bo‘lgan. Men avval uni bu ahvolda ko‘rmaganman. U jamoasi o‘ziga yordam berishidan umid qilgandi», – deydi agent Kicker uchun bergan intervyusida.
Levandovskining o‘zi ham oldinroq shu mavzuda gapirib o‘tgandi.
«Hozir jahlimdan tushganman. Men jamoa menga yordam bermaganidan norozi bo‘lgandim.
Oxirgi turda ular meni ranjitishdi», – degandi futbolchi ESPN nashriga.
Qayd etish kerakki, ushbu futbolchi o‘z klubining qo‘llab-quvvatloviga erisha olmagani tufayli «Real»dan ketayotgan Krishtianu Ronalduga o‘rinbosar sifatida ko‘rilmoqda.