Yo‘qotilgan avlod yoxud 11 yillik ta'lim tizimi atrofida kechgan o‘ylar

Jamiyat 19:10 / 19.06.2017 85852

16 iyun kuni, nihoyat, men anchadan buyon kutgan xabar mujda berdi: davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 78-umumta'lim maktabini borib ko‘rar ekan «maktab bilan kollejlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, xususan, ushbu maktabda tajriba sifatida 11 yillik ta'limni qayta tiklash, uning qoshida o‘quv-kasb korxonasi tashkil etish zarur»ligini ta'kidladi.

Xo‘sh, nima uchun men buni shunchalik kutgandim, aholi ichida ko‘proq yurishim va qolaversa kasbim taqozosi yuzasidan bilamanki, 11 yillik ta'limning qaytishini aksariyat fuqarolarimiz intizorlik bilan kutishyapti. Nega? Nima uchun? Bu savollarga javoblar shu qadar ko‘p va xilma-xilki shu maqola tugal bo‘lishi uchun endi bir boshidan o‘z fikrlarimni yozmasam bo‘lmas.

Aslida, bu fikrlar yuqorida aytganimdek, ko‘pchilikning boshida bor, buning uchun oliy ma'lumotli yoki alohida iqtidorga ega bo‘lish shartmas. Ammo achchiq haqiqat shundaki, men ham ko‘pchilik kabi shu vaqtgacha haqiqat ko‘ziga tik qaray olmadim. Natijada esa ko‘p narsa yo‘qotdik, ha, juda ko‘p narsa — butun bir avlodni yo‘qotdik. Aniqroq aytish ham mumkin, odob-axloq yemirildi, yoshlar o‘rtasida bir necha salbiy ko‘rsatkichlar, jumladan, jinoyatchilik ham ortdi, voyaga yetmagan g‘o‘r yoshlar ilk marta o‘qishga kirishdagi va baholashdagi tamagirlikni hamda bandlikni ta'minlashdagi ko‘zbo‘yamachilikning bevosita guvohiga aylanishdi, bu ularni murg‘ak ongida qanchalik asorat qoldirganini o‘ylashning o‘zi dahshat.

Aynan shu tizim 9-sinf bitiruvchilarining emas ularning ota-onalari o‘rtasidagi xudbinlarcha raqobatni kuchaytirdi. Bugun akademik litseylar yoki xalq ichida sal obro‘ qozongan kasb-hunar kollejlarining o‘quvchilarini o‘qishga kirishida ularning bilimi emas, ota-onasining puli yoxud «tanka»si hal qiluvchi rol o‘ynayotganligini barcha allaqachon tushunib yetgan. Eng dahshatlisi nima, bilasizmi? Bu ko‘zbo‘yamachiliklar haqida o‘sha hali voyaga yetmagan, hali shaxs sifatida to‘liq shakllanmagan murg‘ak qalblar juda ko‘p narsani bilishadi. Ertaga bu yoshlardan nima kutish mumkin?

Qolaversa, bu tizim fuqarolarga million-million, davlat g‘aznasiga esa milliard-milliard zarar yetkazayotgani, xalqimizning peshona teri bilan topilayotgan katta-katta mablag‘lari havoga sovurilayotgani endi yana bir mavzu, ammo xalqimizda ma'naviyat moddiyatdan doim ustun sanalgani uchun bu mavzuga chuqur kirib o‘tirmayman.

Modomiki, bu masala nihoyat rahbariyatni ham tashvishga sola boshlagan ekan, hech bo‘lmasa endi bu tizimdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerakdek, nazarimda. Shu maqolani tayyorlash jarayonida ekanman, hukumat topshirig‘i bilan xalq ta'limi vazirligi mutasaddilari tomonidan huddi shu masalaga nisbatan ota-onalarning munosabati o‘rganib chiqildi, natijalari e'lon qilindi, natija quvonarli, lekin men kutgandek emas.

Buning sababi — so‘rovnoma faqat Toshkent shahrida o‘tkazildi. Mana o‘sha 10–11-sinflarni qayta joriy etishga rozi yoki rozi emasligini aniqlash yuzasidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasi, e'tibor bering, Kun.uz’da berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, ota-onalarning 70 foizi maktablarda 10- va 11-sinflar ochilishini, farzandlari litsey yoki kasb-hunar kollejlaridan ko‘ra, maktabda o‘qishni davom ettirishlarini yoqlashmoqda. Agar shu so‘rovnoma viloyatlarda, olis tuman yoki qishloqlarda o‘tkazilsa, ishonchim komilki natija 90 foizdan kam bo‘lmaydi.

Tizim haqida faqat salbiy fikr bildirayotganim uchun ensangiz qotayotgan bo‘lsa, keling, o‘zbekchasiga do‘ppini boshdan olib, 11 yillik ta'limning afzal va salbiy tomonlarini bir tahlil qilib chiqaylik.

Maktablarda 11 yillik ta'lim qayta joriy etilishining afzal tomonlari:

Voyaga yetmagan bolalar ota-onasi, mahalla-ko‘yning ko‘z oldida bo‘ladi, yurish-turishi, kiyinishi, o‘zini tutishi nazoratda bo‘ladi. Yotish joyi, transport, yashash uchun va o‘qishga kirish hamda semestrlarni yopish uchun sarflanadigan mablag‘lar tejalishi hisobiga oilaning kattagina xarajatlari tejaladi, bu mablag‘ni o‘quvchi qo‘shimcha ta'lim olishiga, qolaversa, uning turli zamonaviy ta'lim vositalardan foydalanishiga imkon yaratish uchun sarflash mumkin. Maktablar har bir aholi punktida bo‘lgani bois transport muammosi bo‘lmaydi hamda doimiy nazorat bo‘lgani bois davomat yaxshilanadi va bu darslarni yaxshi o‘zlashtirilishiga olib keladi.

Maktablarda 10–11-sinflarning joriy etilishi o‘quvchini faqat maktab dasturidan chalg‘itmagan holda bilim olishiga imkon yaratadi, ya'ni kasb-hunar tizimdagi qo‘shimcha mutaxassislik fanlari bo‘lmasligi bois o‘quvchida oliy ta'limga tayyorlanishga vaqt ortadi, qolaversa, o‘rta-maxsus ta'lim tizimida o‘quvchilar bir yil vaqtlarini ham yo‘qotmoqda.

Bugun yakkam-dukkam joylashgan kollejlar nafaqat o‘quvchilar balki u yerga jalb etilgan o‘qituvchilarni ham sarson qilib qo‘ygan, demak 11 yillik ta'lim joriy etilsa, o‘qituvchilarning ham qo‘shimcha xarajat qilib boshqa xududdagi kollejlarga qatnashiga hojat qolmaydi. Bu esa har bir mahalla, qishloqning o‘zida ham repitetorlik tizimi shakllanishiga olib keladi.

Bu tizimning yana bir afzal tomoni shundaki, kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirishdek soxtalashtirilgan va sahnalashtirilgan bosh og‘riqdan qutulamiz. Qolaversa, yuqorida tilga olganimiz o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimidagi tamagirliklarga barham beriladi. Bu fuqarolarni va yoshlarni hukumatga nisbatan ishonchini qaytishiga olib keladi.

Nihoyat, eng muhimi qarovsizlik, nazoratsizlik oqibatida yuz berayotgan yoshlar o‘rtasida o‘z joniga qasd, erta tug‘uruq, turli guruhlarga qo‘shilib qolish va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilik kamayadi. Buning sababi esa aniq - o‘quvchining har bir qadami mahalla-ko‘yning nazorati ostida bo‘ladi.

Maktablarda 11 yillik ta'lim qayta joriy etilishining «salbiy» tomonlari:

Men maktablarda 11 yillik ta'lim qayta joriy etilishining bitta salbiy tomonini ko‘rdim. U ham bo‘lsa — 11 yillik ta'limdan so‘ng ularning qo‘lida hunari va diplomi bo‘lmaydi.

Ammo 11 yillik ta'limga o‘tish barcha kasb-hunar kollejlarining yopilishini anglatmaydi. Shaxsan men ham bunga qarshiman, nega? Negaki, bugun bozor iqtisodiyoti davri - sanoat rivojlanmoqda, xizmat ko‘rsatish sohasida kadrlarga talab ortyapti. Ana shu talabdan kelib chiqib, tuman-shahar markazlarida talab yuqori bo‘lgan sohalarni o‘rgatuvchi kasb-hunar kollejlari saqlanib qolsa bo‘ladi. Bu yerda majburiylik bo‘lmaydi, marhamat xohlagan o‘quvchi o‘zi qiziqqan soha bo‘yicha ta'limni shu yerda davom ettirishi mumkin. Qolaversa, umumta'lim maktablarining o‘zida ham mehnat ta'limi darslari negizida bir necha zarur hunarlarni o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish muammoni yanada chiroyli yechimiga olib kelar edi.

Darhaqiqat, 12 yillik ta'lim ham o‘z vaqtida juda jozibador tuyulgandi, tizimni joriy etishga katta mablag‘ tikildi va juda ko‘p mehnat qilindi, ammo g‘alvirni suvdan ko‘tarsak, vaziyat boshqachaligi ma'lum bo‘ldi. Butun boshli avlodni yo‘qotganimizni kech bo‘lsa ham tan olib, ishni boshqatdan, boshidan boshlash vaqti keldi.

Xalqimizda «pichan pishguncha ot o‘lib bo‘ladi», degan purma'no naql bor, bizda esa hali otni saqlab qolishga imkon bor, demak hali ham vaqtni zoye ketkazmasdan ta'lim tizimiga 11 yillik ta'limni joriy etishni boshlamoq kerak. Zero, shu yurt shu vatan taqdiri yoshlar qo‘lida, shunday ekan, uni ma'nan va jismonan sog‘lom, zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodga topshirishga, shunday avlodni shakllanishi uchun zarur sharoit yaratishga har birimiz birdek mas'ul va majburmiz.

Sherali MAMADeTSOYeV,
jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: