Jet Airways samolyot bortida tug‘ilgan chaqaloqqa umrbod bepul yo‘llanma taqdim etdi

Jamiyat 16:36 / 19.06.2017 10958

Hindistonning Kerala shtatida yashovchi ayol Saudiya Arabistonidan yo‘lga chiqqan samolyotda farzandli bo‘ldi. Ayolni to‘lg‘oq tuta boshlaganida havo kemasi 35 ming fut (10 ming metr) balandlikda bo‘lgan. NDTV telekanali shu haqda xabar berdi. 

Favqulodda holat yakshanba kuni Jet Airways aviakompaniyasining Ad-Dammamdan Kochchi tomon harakatlanayotgan samolyotida ro‘y bergan. Bu vaqtda samolyot bortida 162 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ayolda to‘lg‘oq dardi boshlanganida samolyot ekipaji shoshilinch tibbiy yordamni talab qiluvchi favqulodda holat to‘g‘risida e'lon qilgan. Shundan so‘ng samolyot o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, Mumbay aeroportida muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgan.  

Keralga parvoz qilayotgan hamshira ayol va ekipaj a'zolari bolani dunyoga keltirishda yordam bergan. Samolyot qo‘nganidan keyin ona va bola mahalliy shifoxonaga yetkazilgan. Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, ularning ahvoli barqaror baholanmoqda. 

Shundan so‘ng havo kemasi o‘z parvozini davom ettirgan.

Aviakompaniyada xabar berilishicha, bu Jet Airways samolyoti bortida yuz bergan birinchi shunday holat. Shu munosabat bilan bolakayga butun umri davomida tashuvchi reyslaridan bepul foydalanish huquqi berildi. 

Ko‘proq yangiliklar: